Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida joylashgan “G‘elon” qishlog‘ida turistik-rekreatsion zona tashkil etiladi. Bu bo‘yicha 5-dekabr kuni prezident qarori qabul qilindi.
2023-yilning oktabrida Qozonda o‘tkazilgan hududlararo hamkorlik forumi doirasida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida “Gelon” xalqaro umummavsumiy kurort majmuasini tashkil etish" loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolangandi. Dekabr oyida esa “Kazanskiye kanatniye dorogi” kompaniyasi va “Gordeyev” arxitektura byurosi bilan loyiha muhokama qilindi.
Loyiha 2024−2030 yillarda uch bosqichda amalga oshirilishi va buning uchun jami $300 mln miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi belgilangan. Birinchi bosqich doirasida 2027-yilgacha $100 mln investitsiya kiritiladi.
Umumiy yer maydoni 2,9 ming gektar bo‘lgan “G‘elon” turistik-rekreatsion zonasi hududida mehmonxona majmualari, madaniy- sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turistik ahamiyatdagi boshqa obyektlar hamda muhandislik infratuzilmalari barpo etiladi.
Investitsiya loyihasi hududida xizmat ko‘rsatish sohasi faoliyatini, madaniy-ko‘ngilochar obyektlar, jumladan kinoteatr, restoran va barlar, tashrif buyuruvchilar markazi, spa markazi, bolalar maydonchasi, otxonalar, kuzatuv minorasi, kemping maydoni, piyodalar ko‘prigi quriladi.
Turistik zona faoliyat ko‘rsatish muddatini keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilga tashkil qilinadi. Viloyat hokimligi huzurida davlat muassasasi shaklida loyiha direksiyasi tashkil etiladi.
2025-yilning apreligacha hududda boj olinmaydigan (“duty free”) va yirik xalqaro brendlarning savdo do‘konlaridan iborat (“Luxury tourism village”) yirik savdo majmualarini joylashtirishni o‘z ichiga olgan zamonaviy chakana savdo obyektlari faoliyatini tashkil etish belgilandi.
1-iyungacha turistik zonaning bosh rejasini, 1-oktabrga qadar direksiya tomonidan Turistik zonani rivojlantirishni nazarda tutuvchi master-reja ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini kerak. Bu yerda barpo etiladigan turizm va xizmat ko‘rsatish obyektlarini qurish uchun xorijiy va mahalliy investorlarni jalb etiladi.
Bundan tashqari, loyiha doirasida qishki sport turlarini rivojlantirish maqsadida chang‘i va snoubord maktabini tashkil etish, tog‘ chang‘isi va snoubord bo‘yicha olimpiya zaxiralari maktabini barpo etish belgilangan.
2026-yilning may oyigacha Miraki-G‘elon yo‘nalishida yo‘lovchi tashish qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi. 2027-yilgacha umumiy uzunligi 33 km bo‘lgan Hisorak-G‘elon, Hisorak-Sarchashma avtomobil yo‘li ikki tasmali qilib uchinchi toifadagi yo‘l darajasigacha yetkaziladi.
Avvalroq Navoiy viloyatidagi “Aydarko‘l” atrofidagi 150 gektarda mehmonxona va dam olish maskanlari barpo etish orqali 10 ming nafargacha sayyohlarga xizmat ko‘rsatish mumkinligi qayd etilgandi.