Prezidentning 10-dekabrda qabul qilingan qarori bilan Qarshi davlat texnika universiteti tashkil etiladi.

Hujjat bilan mazkur universitet Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti, TATUning Qarshi filiali hamda Toshkent kimyo-texnologiya institutining Shahrisabz filiali negizida tashkil etilishi belgilandi.

Mazkur OTMlarda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi oliygohda davom ettiradi. 2024/2025 o‘quv yilidan bitiruvchi kurs talabalariga universitet diplomi beriladi.

Oliy ta’lim tashkilotining asosiy vazifalariga muhandislik, geologiya, ishlab chiqarish, qurilish, transport, energetika, IT va dasturlash, xizmat ko‘rsatish hamda irrigatsiya tizimlari va agrotexnologiyalar sohalari bo‘yicha kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kiradi.

2025/2026 o‘quv yilidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi va atrof-muhit muhandisligi yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash hajmi oshiriladi. Talabalarning fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichi va professor-o‘qituvchilarning faoliyat samaradorligi xalqaro standartlar asosida baholanadi.

Shuningdek, ta’lim xizmatlari markazi tashkil etib, talabalarga yuzaga keladigan tashkiliy va huquqiy masalalar bo‘yicha zarur xizmatlar “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatiladi. Oliygohda iqtidorli talabalar uchun darslar xorijiy tillarda o‘qitiladigan alohida guruhlar tashkil etiladi.

Oktabr oyi boshida Toshkentda Amerika texnologiyalar universiteti ochildi. Joriy o‘quv yilida oliygohda xalqaro savdo va dasturiy muhandislik yo‘nalishida bakalavr bosqichi o‘qitiladi.

Noyabr oyida Navoiy davlat pedagogika instituti negizida Navoiy davlat universiteti, Andijon mashinasozlik instituti, Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti hamda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining Andijon fakulteti negizida esa Andijon davlat texnika instituti tashkil etilishi ma’lum bo‘ldi.

Fevral oyida davlat rahbari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga 116ta oliygohni o‘rganib, ularni yiriklashtirish dasturini ishlab chiqishni topshirgandi. Ularga “milliy”, “davlat” universiteti, akademiya yoki institut maqomini berishning aniq mezonlari belgilanadi.

Bundan tashqari, bakalavr yo‘nalishlarini yiriklashtirish hisobiga ularning sonini 40%ga qisqartirish, bu yo‘nalishlardagi ta’lim dasturlarini TOP-300ga kirgan oliygohlar dasturi asosida yangilash topshirildi.