Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratov lavozimidan ozod etilishi mumkin. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Prezident tomonidan Oliy Majlis Senatiga regulyator raisini egallab turgan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritilgan.
Nurmuratov bu lavozimda 2017-yildan buyon ishlab kelayotgandi. Bundan oldin, ijtimoiy tarmoqlarda Nurmuratov o‘z lavozimini tark etayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Qonunchilikka ko‘ra, Markaziy bank boshqaruvi raisi prezident taqdimnomasiga binoan Senat tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Mamarizo Nurmuratov 1960-yilda tug‘ilgan. U Toshkent xalq xo‘jaligi instituti va Leningrad iqtisodiyot-moliya institutini tamomlagan. 1980-yillarda u o‘qituvchilik va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan, Moskva moliya institutida iqtisod fanlari nomzodi darajasini olgan.
1993-yildan Markaziy bank tizimida faoliyat boshlagan: Ilmiy tadqiqotlar markazi direktori, boshqaruv raisining o‘rinbosari va Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
2000−2004-yillarda O‘zbekiston moliya vaziri lavozimida ishlagan. 2004−2006-yillarda Samarqand viloyatiga rahbarlik qilgan. 2006 — 2017-yillarda Markaziy bank raisining maslahatchisi bo‘lgan.
Mamarizo Nurmuratov 2017-yilning 6-iyunida regulyator rahbari etib tayinlangan. U bu lavozimni 1991-yildan o‘sha vaqtgacha Markaziy bankni boshqargan Fayzulla Mullajonov vafotidan keyin egallagan.
2022-yilning mayida Nurmuratovning vakolatlari Oliy Majlis Senati tomonidan yana 5 yilga uzaytirildi.