Toshkent shahrida metalni qayta ishlash zavodi qariyb 27 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilganligi fosh etildi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘zenergoinspeksiya” Toshkent shahar hududiy boshqarmasi, DXX, Bosh prokuratura, Ichki ishlar boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departament hamkorligida nazorat tadbiri o‘tkazilgan.

Unda Yashnobod tumanida joylashgan “K.Y.A.” MChJga qarashli metalni qayta ishlash zavodining elektr hisoblagichiga tashqi ta’sir ko‘rsatilib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilganligi aniqlandi.

Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra davlat manfaatlariga 26 mlrd 945 mln so‘mlik zarar yetkazganligi ma‘lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.


Avvalroq “Spot” uchta hududda qariyb 700 mln so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, Andijon, Samarqand va Qoraqalpog‘istonda fuqarolar elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanganligi aniqlandi.