Shavkat Mirziyoyev 10-dekabr kuni Toshkent viloyatida qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish, ish o‘rni va investitsiyani ko‘paytirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
So‘nggi yetti yilda hudud iqtisodiyoti 1,5 barobar o‘sgan. Sanoat korxonalari 2 barobar ko‘payib, 12 mingtaga yetgan. Viloyatdagi jami yerlarning bor-yo‘g‘i 25%idan qishloq xo‘jaligida foydalaniladi.
Har gektarga to‘g‘ri keladigan daromad boshqa joylarga nisbatan kam ekanligi, Bekobod va Ohangaron shaharlari, Oqqo‘rg‘on, Chinoz, Piskent tumanlarida qayta ishlash darajasi juda pastligi hamda oziq-ovqat xavfsizligi, meva-sabzavotlar eksporti imkoniyatga yarasha emasligi qayd etildi.
Endi har bir klaster, fermer va dehqon xo‘jaligi maydonidagi ekinlar, mahsulot hajmi, ishchilari soni, soliq tushumi kabi ma’lumotlar “Agroplatforma” axborot tizimiga kiritiladi.
Kelgusi yilda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 7ta tumanda 52 ming gektarda 3 marta hosil olish yo‘lga qo‘yiladi. 5 ming gektarda sanoatlashgan bog‘ va tokzorlar tashkil qilinadi.
Umuman, 22ta tuman-shahardagi yerlar qayta ishlovchi va eksportchi korxonaga bog‘lanadi. Bu orqali kelasi yil 3,5 mln tonna meva-sabzavot yetishtirib, $500 mln eksport qilish mumkinligi aytildi.
Toshkent viloyatining infratuzilmasi, logistikasi tadbirkorlik uchun juda qulayligi ta’kidlandi. Lekin ishlab chiqarish, savdo va xizmatlar umumiy maydoni uch yilda bor-yo‘g‘i 1,6 mln kv.metrga oshgan, bu poytaxtdan 3,5 barobar kam. Investitsiyaviy loyihalar uchun toifasi o‘zgartirilgan 9 ming gektar yerning 2 ming gektaridan foydalanilmayapti. Bo‘sh turgan davlat inshootlari ham bor.
Investorlar bu hududda “aqlli shahar”, tibbiyot klasteri, yashil energetika stansiyasi qurish tashabbusini bildirgan. Vodiylik va poytaxtlik minglab tadbirkorlar ham biznesini kengaytirish, yangi korxona, mehmonxona, savdo va turizm majmualari qurish uchun joy izlab yuribdi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va viloyat mutasaddilariga bu boradagi sustkashliklar ko‘rsatib o‘tildi. Bino va yerlarni tadbirkorlarga qulay shartda auksionga chiqarish, ularning negizida investitsiya, ish o‘rni va eksportni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Toshkent viloyati hokimi kelgusi yil $5 mlrd investitsiya jalb etish hamda eksportni $2 mlrdga yetkazish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi. Davlat rahbari uning tarkibiga e’tibor qaratib, kutilayotgan investitsiyaning yarmi rivojlangan Olmaliq, Angren, Chirchiq shaharlari, Ohangaron, Zangiota va Qibray tumanlariga to‘g‘ri kelishini qayd etdi.
Shu bois sanoat va xizmatlar nisbatan orqada bo‘lgan Oqqo‘rg‘on, Bekobod, Bo‘ka, Parkent, Piskent, Quyi Chirchiq va Chinozda qo‘shimcha loyihalar qilib, ish o‘rinlari ochish zarurligi ta’kidlandi.
Toshkent viloyatidagi imkoniyatlar hisobiga barcha aholini daromadli qilish mumkinligi aytildi. Kelgusi yilda viloyatda 700 ming odamning bandligini ta’minlab, ishsizlikni tabiiy darajasigacha tushirish, 22 ming oilani daromadli qilib, kambag‘allikni hozirgi 7,2%dan 4%ga kamaytirish, mehnat migrantlarini mamlakatga qaytarib, ishga joylashtirish vazifa qilib olindi.
Joriy yilning oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Toshkent viloyatini rivojlantirish vazifalari yuzasidan yig‘ilishda viloyatdagi sotilmay turgan obyektlar poytaxtdagi tadbirkorlarga bo‘lib to‘lashga berilishi ma’lum qilingandi.
Bundan tashqari, hududda “Sanoat uchburchagi” dasturi joriy etilib, unga Angren, Olmaliq, Ohangaron hamda Piskent kiritiladi.