Timur Ishmetov Markaziy bank boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Bu bo‘yicha davlat rahbari prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov nomzodini Oliy Majlis Senatiga taqdim etdi.
Avvalroq prezident Senatga Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovni egallab turgan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritgandi. Senat Kengashining qarori bilan Nurmuratov lavozimidan ozod etildi. U bu lavozimda 2017 yildan buyon ishlab kelayotgan edi.
Ishmetov haqida nimalar ma’lum?
Timur Ishmetov 1979-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2000-yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan, o‘sha paytda Markaziy bank valyuta operatsiyalari maxsus bo‘limining yetakchi iqtisodchisi bo‘lgan.
Bir yildan so‘ng katta ekspert-tahlilchi bo‘ldi hamda Valyuta birjasi va tashqi aloqalar departamenti ishchi guruhiga rahbarlik qildi. 2004-yilda regulyatorning valyuta operatsiyalari bo‘limi boshlig‘i bo‘ldi.
Ishmetov 2005-yilda Buyuk Britaniyaning Birmingem universitetida tahsil olgan. Ikki yildan so‘ng Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.
2008-yilda Xalqaro zaxiralarni boshqarish departamentiga rahbarlik qilgan. 2009-yilda — Operatsiyalar departamenti direktori. Keyingi sakkiz yil davomida u valyutani tartibga solish va nazorat qilish departamentiga rahbarlik qildi.
2017-yilda Davlat investitsiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, o‘sha yili Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. 2019-yilda Moliya vazirligiga ishga o‘tib, 2020-yilning fevraligacha vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Undan keyin, 2022-yilning dekabrigacha moliya vaziri sifatida faoliyat yuritgan Timur Ishmetov Prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.