Avvalroq “UzAuto Motors” 11-dekabr kuni “Chevrolet Cobalt” avtomobili uchun kontraktatsiyani ochishi haqida xabar berilgandi.

Chorshanba kuni o‘tkazilgan shartnoma berish jarayoni soat 14:48 holatiga yakunlangan. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.

Savdo.uzavtosanoat.uz platformasida “GX-Style AT Plus” va “GX-Midnight AT” modifikatsiyasi uchun jami 22 003ta shartnoma tuzildi.

Shundan 21 933tasi “One-ID” tizimida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslar, 70tasi esa yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilgan. O‘z navbatida, realizatsiya qilingan avtomobillarning 6 574 donasi “GX-Style AT Plus”, 15 429 donasi “GX-Midnight AT” hissasiga to‘g‘ri keladi.

Onlayn kontraktatsiya jarayonida “UzAutoSavdo” tizimida 22,7 ming kiberhujum amalga oshirildi. Platforma faoliyatida uzilishlar kuzatilmadi.

Tizimda bu vaqt ichida 6 mingdan ortiq faol seanslar va soniyasida 3 mingdan ortiq ulanishlar qayd etildi. “Call-markazi” orqali 1 362 mijoz murojaati qabul qilinib, ko‘rib chiqildi.

“UzAuto Motors” fuqarolardan firibgarlardan ehtiyot bo‘lishlarini, e’lonlar sayti va boshqa servislar orqali “shartnoma sotib olish” bo‘yicha shubhali takliflarga rozi bo‘lmasliklarini so‘ramoqda. “UzAutoSavdo” platformasida xaridor yoki diler mijoz ma’lumotlarini o‘zgartirish imkoniyatiga ega emas.

Kompaniya 22-noyabr kuni “GX-Style AT Plus” va “GX-Midnight AT” uchun shartnoma tuzishi ma’lum qilingandi. Shu kuni, 10 soat ichida mazkur modellar uchun jami 55 494ta shartnoma berilgan.