“O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati 40 ta elektropoyezd sotib olish bo‘yicha tender o‘tkazilishi haqidagi ma’lumotni rad etdi.
Davlat kompaniyasi OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tender haqidagi axborot eskirganini ta’kidladi. Xabarda aytilishicha, tender e’loni bir necha yil oldin e’lon qilingan bo‘lib, hozirda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan.
“Hozirgi vaqtda „O‘zbekiston temir yo‘llari“ bunday tenderni o‘tkazmayapti,” — deya qo‘shimcha qildi matbuot xizmati.
Tender haqidagi ma’lumot O‘TY logistika va marketing departamenti boshlig‘i Mahmudjon Tohirovning LinkedIn sahifasida “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” rahbari Fozil Sharipovga havola bilan joylashtirilgan edi. Hozirda mazkur profilga kirish cheklangan.
2022-yilning kuzida “O‘zbekiston temir yo‘llari” tomonidan mashinistlar va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni tayyorlash sharti bilan 34ta elektropoyezd xarid qilish bo‘yicha tender o‘tkazildi. Tender natijalari haqida ochiq manbalarda ma’lumot berilmagan.
3-dekabrdan Toshkent va Xo‘jakent o‘rtasida Rossiyaning “Transmashxolding” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy “EP3D” elektropoyezdi qatnay boshladi. U 586 yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, 120 km/soat tezlikka ega.
Avvalroq “Spot” “O‘zbekiston temir yo‘llari” talabalar uchun temir yo‘l chiptalariga yangi yil chegirmalarini joriy etgani haqida yozgandi.