“BMW” kompaniyasi AQShda 130ta “X4” krossoverini chaqirib olishini e’lon qildi. Bu haqda “32cars” nashri xabar berdi.
Muammo avtomobillar tomi ichki qismida yoriq aniqlangani bilan bog‘liq. Ushbu nuqson xavfsizlik yostig‘i ishga tushganda uning shikastlanishiga olib kelishi va haydovchi hamda yo‘lovchilar uchun xavf tug‘dirishi mumkin.
Kamchilik 2024-yil 16-noyabr kuni AQShning Spartanburg shahrida joylashgan zavodda aniqlangan bo‘lib, u yerda 1-noyabrdan 15-noyabrgacha modellar ishlab chiqarilgan.
Qayd etilishicha, qaytarib olish “X4 xDrive30i”, “X4 M40i” va yuqori samarali “X4 M” versiyalarini o‘z ichiga oladi.
Nuqson komponentlar yetkazib beruvchisi “Autokiniton” kompaniyasi bilan bog‘liq, biroq hozircha hech qanday shikoyat yoki hodisa qayd etilmagan.
“BMW” egalarga tekshiruv o‘tkazish zarurligi va kerak bo‘lsa, nuqsonli qismlarni kompaniya hisobidan almashtirish haqida xabar beradi. Xatlarni jo‘natish 2025-yil 27-yanvardan boshlanadi.
Muammo bartaraf etilgandan so‘ng, “X4” o‘zining zamonaviy va texnologik krossover nufuzini saqlab qolgan holda faol haydovchilar uchun ishonchli tanlov bo‘lib qolaveradi.
Sentabr oyida “BMW” kompaniyasi tormoz tizimida aniqlangan muammolar tufayli 1,5 mlnga yaqin avtomobilni keng miqyosda chaqirib olishini e’lon qilgandi.
Kompaniyaning bu qarori Germaniyaning “Continental” avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqaruvchisi tomonidan yetkazib berilgan elektron tormoz komponentida nuqson aniqlanganidan keyin qabul qilindi.
Qaytarib olishning asosiy sababi tormoz tizimidagi elektron komponentning ehtimoliy nosozligi bo‘lib, bu tormozning oldindan aytib bo‘lmaydigan ishlashiga olib kelishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, “Continental” allaqachon muammoni tan oldi va nuqsonli qismlarni almashtirishni boshladi.
Bunday katta miqdordagi chaqirib olish “BMW” kompaniyasi uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi.
Kompaniya avtomobillarni qaytarib olish va ta’mirlash bilan bog‘liq katta moliyaviy yo‘qotishlarni kutmoqda.
Bundan tashqari, bu brend obro‘si va iste’molchilar ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deb yozadi nashr.
Qayd etilishicha, qaytarib olishdan tashqari, mijozlarga hali yetkazib berilmagan 320 mingta avtomobil yetkazib berish to‘xtatiladi.
Avvalroq “Spot” “BMW” AQShda 720 mingdan ortiq avtomobilini, shuningdek, butun dunyo bo‘ylab 140 mingdan ortiq elektromobillarini chaqirib olishi haqida yozgandi.