Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘zenergoinspeksiya”, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning va IIB hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanmoqda.

Xususan, Toshkent viloyati Bekobod tumanida joylashgan “S.D.” MCHJ rahbari A.G. “G.F.” xususiy MTM binosida umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz va elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgani aniqlangan

Buning natijasida jami 1 mlrd 83 mln so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanib kelganligi ma‘lum bo‘ldi.

Shu kabi holat Samarqand viloyatining Urgut, Samarqand, Oqdaryo tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahrida “A.S.”, “O.O.” fermer xo‘jaligi mas’ul shaxslari va boshqalar elektr ta’minoti korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan suv nasoslari va elektr jihozlarini umumiy foydalanishdagi tarmoqlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab olgan.

Buning natijasida esa jami 439,1 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq “Spot” Samarqandda 3ta qoidabuzarlik natijasida 5,5 mlrd so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, Toyloq tumanida joylashgan fermer xo‘jaligi va ikkita tadbirkor tabaqalashtirilgan tarif bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirilmay kelganligi aniqlangan.