Hukumat qarori bilan internet orqali tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni, lotereyalar tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga qo‘yiladigan litsenziya talablari hamda shartlari belgilandi.

2025-yildan O‘zbekistonda internet orqali tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berilishi belgilangan.

Mazkur faoliyat Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan besh yilga beriladigan litsenziyalar asosida amalga oshiriladi. Litsenziyaning mavjudligi tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarda qonuniy qatnashishga asos bo‘ladi.

Agentlik tomonidan Stavkalar va o‘yinchilarning yagona davlat registri yuritilib, u o‘z ichiga quyidagilarni oladi:

  • O‘yinchilar yagona reyestri;
  • Cheklovlar (taqiqlar), shu jumladan, bukmekerlik garovlarida yoki o‘yinlarda yutqazish mumkin bo‘lgan mablag‘lar bo‘yicha limitlar yagona reyestri;
  • Sotib olingan lotereya chiptalari, bukmekerlik garovlari uchun qabul qilingan va kiritilgan mablag‘lar bilan bog‘liq moliyaviy tranzaksiyalar reyestri;
  • Yutuqlar bo‘yicha to‘lovlar reyestri.

Registrni tashkil etishda pul aylanmalari ustidan nazorat hamda konsolidatsiyalashgan hisobni ta’minlash, tashkilotchi bilan manfaatlar to‘qnashuvi holatlarida o‘yinchi manfaatlarini himoya qilish, qaramlikka qarshi kurashish va uning oldini olishga e’tibor qaratiladi.

Lotereyalar an’anaviy (qog‘oz) va elektron shaklda tashkil etiladi. Tashkilotchilar tegishli muvofiklik sertifikatiga ega bo‘lishlari shart, ular o‘z xizmatlarini ko‘rsatish uchun milliy segmentdagi faqat bitta domen nomidan foydalanishi mumkin.

Shuningdek, lotereyalardan yig‘ilgan mablag‘lar g‘oliblarga yutuq sifatida qog‘oz lotereyalar uchun kamida 50%, elektron shalkda esa kamida 75% miqdorida to‘lanadi.

Quyidagi mezonlardan kamida ikkitasi mavjud bo‘lganda o‘yinlarni o‘tkazish joyi sifatida O‘zbekiston tan olinadi:

  • o‘yinchi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi;
  • o‘yin mamlakat hududida tashkil etilishi;
  • o‘yinchi O‘zbekiston hududidan o‘yinda ishtirok etishi;
  • o‘yinga kirish uchun O‘zbekiston hududida ro‘yxatdan o‘tgan ІP-manzildan va xalqaro kod mavjud bo‘lgan mobil telefon raqamidan foydalanish;
  • o‘yinga pul kiritish hamda chiqarish uchun O‘zbekiston banki tomonidan chiqarilgan kartadan foydalanilganda.

Yangi o‘yinchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda bukmekerlik garovlariga stavkalarni qabul qilish, o‘yinlarga pul kiritish faqat elektron shaklda registrdan foydalangan va o‘yinchi shaxsi tasdiqlanganda tashkilotchining veb-sayti orqali amalga oshiriladi.

Qimor o‘yinlari va lotereyalar hamda bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishda har bir faoliyat turi bo‘yicha alohida litsenziya olish mumkin.

Internetda o‘yinlar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchisining ustav kapitali BHMning kamida 150 ming baravari (56,25 mlrd so‘m) miqdorida, lotereya tashkilotchisiniki esa BHMning 55 ming baravari (26,62 mlrd so‘m) miqdorida bo‘lishi kerak.

Ustav kapitalini shakllantirishda kreditga, garovga olingan mablag‘lardan va majburiyatlar yuklatilgan boshqa, jinoiy faoliyatdan olingan mablag‘lardan foydalanish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, qimor o‘yinlari va bukmekerlik faoliyati tashkilotchisi BHMning kamida 75 ming (28,12 mlrd so‘m) baravari miqdorida, lotereya tashkilotchisi BHMning 40 ming baravari (15 mlrd so‘m) miqdorida agentlikka zaxira mablag‘larini qo‘yadi.

Shuningdek, 18 yoshga to‘lmagan fuqarolar hisobraqamlaridan o‘yinlar, lotereyalar va bukmekerlik garovlari bilan bog‘liq to‘lovlarni amalga oshirish mumkin emas.

O‘yinchilarning bevosita ishtiroki va bo‘lishi bilan bog‘liq o‘yinlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan statsionar, ko‘chma o‘yin zallari, kazino, o‘yin avtomatlar zallari yoki boshqa o‘yin muassasalarini tashkil etilishi taqiqalanadi. Lotereya biletlarini sotish punktlaridan tashkil etish mumkin.

Shuningdek, bolalar va o‘smirlar sport musobaqalariga bukmekerlik garovlarini tashkil etish va o‘tkazish taqiqlanadi. Bunga fuqarolar ishtirokidagi sport o‘yinlari va musobaqalari, siyosiy jarayonlar hamda tanlov kabilar kiradi.

Biroq xalqaro federatsiyalar qoidalari asosida tegishli tayyorgarlik, nazorat va hakamlik asosida, tomoshabinlar ishtirokida o‘tkaziladigan sport o‘yinlari va xalqaro hodisalar bundan mustasno.

ILMA qimor o‘yinlari va bukmekerlik faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar amalda foyda bermayotganini qayd etgandi. Cheklovlar mamlakatdan $1 mlrdgacha bo‘lgan valyutaning chiqib ketishiga, qimor o‘yinlariga va firibgarlikka olib kelgan.

Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak aylanmadan olinadigan soliqning qo‘llanilishi ularda chiquvchi summani kamaytirish uchun kiruvchi (chegiriladigan) QQSning mavjud emasligi bilan bog‘liqligini ta’kidlagandi.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi tomonidan bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qiluvchi 30ga yaqin sayt bloklangani haqida xabar berilgandi.