Meksikada veyplar va elektron sigaretalar taqiqlanadi. Bu haqda “TACC” nashri xabar berdi.
Meksika Senati (parlamentning yuqori palatasi) mamlakatda elektron sigaretalar, veyplar, sintetik giyohvand moddalar va ularni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan dastlabki moddalarni tayyorlash hamda tarqatishni taqiqlovchi konstitutsiyaviy o‘zgartirishlarni ma’qulladi.
Respublika Senati plenumi 110ta a’zo yoqlab, 5tasi qarshi va 2tasi betaraf ovoz berish orqali veyping qurilmalari hamda fentanildan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq faoliyatni taqiqlash va jazolashga qaratilgan konstitutsiyaviy islohotlarni ma’qulladi.
Bu haqda Meksika parlamenti yuqori palatasining bayonotida aytilgan. Meksika konstitutsiyasining to‘rtinchi va beshinchi moddalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish ko‘zda tutilmoqda.
“Elektron sigaretalar, veyping qurilmalari va boshqa shunga o‘xshash tizimlar yoki moslamalar bilan bog‘liq har qanday faoliyatga nisbatan choralar ko‘riladi,” deb ta’kidlangan Senat bayonotida.
Unda, shuningdek, “zaharli moddalar, kimyoviy moddalarni ishlab chiqarish, tarqatish va utilizatsiya qilish, fentanil va boshqa ruxsat etilmagan sintetik giyohvand moddalardan noqonuniy foydalanish taqiqlanadi va jazolanadi” deb qo‘shib o‘tilgan.
Bundan tashqari, “mazkur masalalar bilan bog‘liq ishlab chiqarish, ichki va tashqi savdo, ish yoki boshqa har qanday faoliyat ham” taqiqlangan.
Meksika muxolifati fentanilga konstitutsiyaviy taqiq kiritilishini AQSh prezidentligiga saylangan Donald Trampning respublika rahbariyatiga yo‘llagan tahdidlari bilan bog‘ladi.
“El Financiero” nashrining xabar berishicha, Milliy harakat partiyasi senatori Rikardo Anaya konstitutsiyada boshqa giyohvand moddalar emas, aynan fentanil taqiqlangani haqida ta’kidladi.
Uning fikricha, shunday yo‘l bilan Meksika hukumati Trampga amerikaliklar bilan fentanilga qarshi kurashish masalasida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirmoqda.
Avvalroq “Spot” Buyuk Britaniyada 2025-yil yozidan boshlab bir martalik veyplar taqiqlanishi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, ushbu chora o‘smirlarni himoya qilish va atrof-muhit ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan.