2025-yilda 3,5 ming nafar kambag‘al oila farzandlari OTMga grant asosida qabul qilinadi. Bu haqda 13-dekabr kuni prezident raisligida o‘tkazilayotgan ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va kelasi yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda qayd etildi.

Yig‘ilishda prezident bu yil ijtimoiy himoya bo‘yicha qilingan 34ta muhim yangilikka qo‘shimcha 28ta yangi tashabbusni ilgari surdi. Kelgusi yilda 1,2 mln aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun ta’lim, to‘garak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilash zarurligi ta’kidlandi.

Toyloq va Kosonsoyda “Ilk rivojlanish markazlari” ochilib, kambag‘al oiladagi va nogironligi bo‘lgan 4 200 nafar bolaga bog‘cha ta’limi berildi. Viloyat hokimlariga o‘zidagi har bir tumanda bittadan shunday tajribani tashkil qilish topshirildi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaga 2025-yilda kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 1 mingta mahallada bittadan oilaviy bog‘cha faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi. Yangi yildan oilaviy bog‘cha o‘rinlarining 15%iga kambag‘al oila farzandlari qabul qilinadi va bog‘cha to‘lovi qisman qoplab beriladi.

Kambag‘al oila farzandlarini chet tili, IT va kasb-hunarga o‘qitish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. Mutasaddilarga 1-martgacha to‘garaklar ochib, kambag‘al oiladagi 118 ming yoshlarni o‘qitishni boshlash topshirildi.

Bunda to‘garak xarajati 80%gacha budjetdan qoplanadi. Kambag‘al oilalar farzandlarini tayyorlab, 2025-yilda 3,5 ming yoshlarni oliygohga grant asosida qabul qilish zarurligi qayd etildi.

Oliygoh rektorlari ham kambag‘al oiladan jami 4 ming nafar yoshlarni o‘qitishga bosh-qosh bo‘ladi. Vazir Q.Sharipovga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.

Sentabr oyida prezident har bir kambag‘al oilada, ayniqsa, xotin-qizlar orasidan kamida 1 nafar oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun sharoit yaratilishini e’lon qilgandi. Bunda oliygoh, kollej va texnikum talabalarining o‘zlashtirish ko‘rsatkichi kamida 80% bo‘lsa, ularga keyingi o‘quv yili uchun foizsiz ta’lim krediti beriladi.

Undan keyin davlat rahbari qarori bilan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Uning doirasida Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar farzandlarining ta’lim olishlariga imkoniyat yaratish belgilandi. 2024/2025 o‘quv yilidan OTMlarida o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 80%idan yuqori bo‘lgan talabalarga keyingi o‘quv yili uchun grant taqdim etiladi, 70%idan yuqorilariga foizsiz ta’lim krediti ajratiladi.