Avvalroq prezident raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va kelasi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda mahalladagi ijtimoiy xodimlar uyma-uy yurib, shu yil reyestrda bo‘lmagan yana 95 ming muhtoj odamga yordam ko‘rsatgani qayd etildi.
51 ming odamga nogironlik belgilandi, 26 mingi protez oldi, nogironligi bor 5 ming bola bog‘cha-maktabga joylashdi. Bundan tashqari, muhtoj bo‘lmaganlarga asossiz nafaqa to‘lashning oldi olindi, qisqargan xarajatlar budjetda qoldirildi. Uch oy oldin viloyat va tumandagi 14 ming rahbar 75 ming kambag‘al oilaga biriktirilib, ular bilan individual ishlay boshladi.
Shu kungacha kambag‘al oilalardagi 17 ming odam doimiy ishga joylashtirildi, tadbirkorlik va tomorqa orqali 14 ming aholining daromadi oshirildi, 30 ming bola bog‘cha, to‘garak va kasbga o‘qitish bilan qamrab olindi, 45 ming muhtoj aholiga tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Yig‘ilishda hamma rahbarlar ham ehtiyojmand aholini ishli qilib, daromadini ko‘paytirish, ularga manzilli ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatishni to‘g‘ri tashkil qila olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Xususan, kambag‘al oilalarga biriktirilgan rahbarlarning 1 ming nafari natija ko‘rsata olmadi. 184 nafari mazkur oilalar xonadoniga biror marta ham bormagan.
Nogironligi bor shaxslar bandligi darajasi mamlakatda 20%ga yetgani bilan, bu ishlar Jalaquduq, Chimboy, Pastdarg‘om, Chortoq va Denov tumanlarida qoniqarsiz. Mutasaddilarga bu tumanlarni namunali qilish, har bir mas’ulga aniq vazifa belgilash topshirildi.
Shuningdek, kelgusi yil Investitsiya dasturiga kiradigan 598ta ijtimoiy obyekt loyihasi nogironligi bor odamlarga moslab ishlab chiqilmagani tanqid qilindi. Ushbu viloyat, tuman hokimlariga xatolarni to‘g‘rilash topshirildi.
Viloyat hokimlari bu yil bittadan namunaviy ko‘cha qilib, nogironligi borlar uchun qulay sharoit yaratishi kerak edi. Andijon, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatida bu boradagi ishlar boshlangan, qolgan viloyatlar loyiha ham qilmagani, mablag‘ ham bermagani ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga bu ishlarni ikki oyda yakunlab, kelgusi yil har bir tumanda yana bittadan ko‘chada qilish vazifasi qo‘yildi. Bosh prokuror o‘rinbosari Isroil Adhamovga bu borada o‘zgarish qilmaganlarga qat’iy chora ko‘rish topshirildi.
Sentabr oyida prezident qarori bilan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangandi. U bilan 2024−2025 yillarda og‘ir ahvoldagi oilalarni kambag‘allikdan chiqarish uchun tashkilotlarning 14 mingta rahbar va o‘rinbosarlarining har biriga har 6 oyda 5tadan eng og‘ir ahvoldagi kambag‘al oilalar biriktiriladi.