Avvalroq prezident raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar va kelasi yil uchun muhim vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda Hozirgi kunda 65 turdagi ijtimoiy xizmat va yordam olish uchun fuqarolar tug‘ilganlik, nogironlik to‘g‘risida, pensiya, talabalik guvohnomasi, bank kartasi kabi 10dan ortiq hujjatni ko‘tarib yurishga majbur ekanligi qayd etildi.
Davlat rahbari bunday ovoragarchilikka chek qo‘yish vaqti kelganini ta’kidlab, barcha hujjatlarning o‘rnini bosadigan bitta — ijtimoiy karta joriy etilishini qayd etdi.
Ijtimoiy karta bilan avtobus va metroda bepul yurish, elektr, gaz va o‘qish xarajatiga kompensatsiya olish mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, nafaqa va yordam pullari ham mazkur kartaga tashlab beriladi.
Bu tizim kelasi yilning 1-iyuligacha Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida sinovdan o‘tkaziladi. Undan keyin yil yakunigacha mamlakat bo‘ylab ishga tushiriladi.
Prezident ijtimoiy nafaqa va yordam “ijtimoiy karta” orqali ko‘rsatilishi haqida birinchi marta joriy yilning fevral oyida ma’lum qilgandi. O‘shanda tizimning birinchi bosqichi 1-oktabrdan ishga tushirilishi qayd etilgandi.
Iyul oyida prezident huzuridagi taqdimotda “ijtimoiy karta"lar 2025-yildan mamlakatning barcha hududlarida joriy etilishi belgilandi. Mazkur karta bir vaqtning o‘zida ham to‘lov vositasi, ham ehtiyojmand toifani bildiradi.
Loyiha natijasida 72 turdagi ijtimoiy xizmatlar, 76 turdagi yordamlar va 200ga yaqin imtiyozlar yagona elektron tizimga umumlashtiriladi. Uning doirasida har bir oila ehtiyoji va imkoniyatlarini aks ettiradigan “ijtimoiy-raqamli pasporti” joriy etilishi rejalashtirilgan.
Davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibini yaxshilashga qaratilgan prezident qarori bilan 1-dekabrdan yangidan tayinlanadigan ijtimoiy to‘lovlar, xizmatlar va imtiyozlar “Ijtimoiy karta” orqali taqdim etilishi belgilangandi.
Kelasi yilning apreliga kelib esa bosqichma-bosqich shaxsning nogironligini, talaba, o‘quvchi, urush qatnashchisi yoki urush qatnashchisiga tenglashtirilgan shaxs holatini tasdiqlash karta orqali amalga oshirilishi ko‘zlangandi.
Sentabr oyida prezident qarori bilan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangandi. U bilan 2024−2025 yillarda og‘ir ahvoldagi oilalarni kambag‘allikdan chiqarish uchun tashkilotlarning 14 mingta rahbar va o‘rinbosarlarining har biriga har 6 oyda 5tadan eng og‘ir ahvoldagi kambag‘al oilalar biriktiriladi.