Avvalroq prezident raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar va kelasi yil uchun muhim vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda yil boshidan nogironligi borlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo va Surxondaryoda 10%ga ko‘paygani, ko‘rsatkich 20ta tumanda 12%dan yuqori ekanligi qayd etildi.
Mamlakat bo‘yicha 33ta tumanda nogironligi borlarning reabilitatsiya qamrovi 1%ga ham yetmasligi tanqid qilindi. Shu bois soha uchun mas’ullar kelgusi yilda reabilitatsiya bo‘yicha keskin o‘zgarish qilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Buning uchun har bir viloyat, tuman shifoxonasida reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. 12ta nogironlik reabilitatsiya markazida ergoterapiya, fizioterapiya, davolash-gimnastika xizmatlari qamrovi 5 karra oshiriladi.
7ta tibbiyot oliygohida reabilitatsiya kafedralari ochiladi, professor-o‘qituvchilar Koreya tajribasi asosida qayta o‘qitiladi. Respublika reabilitatsiya markaziga Koreya va Yaponiyadan ekspertlar olib kelinib, mahalliy mutaxassislar malakasi oshiriladi.
Mahalladagi ijtimoiy xodimlar nogironligi bor uyga uy sharoitida qilinadigan mashqlar dasturi va sog‘lom ovqatlanish menyusini eslatma qilib tarqatishi belgilandi.
Reabilitatsiya ishlarining samarasi nogironligi borlarni harakati, muloqoti, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatishidagi o‘zgarishlarga qarab baholanadi, buning uchun shifokorlarga ustama beriladi. Qashqadaryo viloyati hokimiga reabilitatsiya bo‘yicha tajriba yaratish topshirildi.
Nogironligi borlarga beriladigan protez va reabilitatsiya vositalari ro‘yxati 18tadan 30taga, mablag‘i esa 1,5 barobarga oshirildi. Natijada yil boshidan 100 ming odam ehtiyoji ta’minlandi. Bu ro‘yxatga yana 7turdagi vositalar qo‘shiladi.
Ijtimoiy xizmat agentligiga viloyat hokimlari bilan birgalikda 2025-yilda 80 ming muhtoj odamga zarur protez vositalarini yetkazib berish topshirildi.
Yaratilgan imkoniyatlar hisobiga bu yil tadbirkorlar 40 ming nogironligi borlarni ishga oldi. Buni kengaytirish maqsadida 1-yanvardan nogironligi bo‘lgan ishchilar uchun ijtimoiy soliq 1% etib belgilanadi.
Korxonalarga surdotarjimon, psixolog va ko‘zi ojizlar uchun hamrohlik xizmati xarajati uchun 50 mln so‘mgacha subsidiya ajratiladi.
Bunday odamlarni ishga joylagan xususiy bandlik kompaniyalariga 500 mln so‘mgacha grant beriladi. Bunda, ushbu kompaniyalar ishlash istagi bor odamlarni aniqlab, ularni o‘qitadi, korxona talabiga moslashtiradi, ish davrini dastlabki 6 oyida hamrohlik qiladi.
Avvalroq prezident kambag‘al oilalarga biriktirilgan rahbarlarning 1 ming nafari natija ko‘rsata olmaganini qayd etgandi.