Rossiya kompaniyalari 1750ta ish o‘rniga o‘zbekistonliklarni jalb qiladi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik direktori Behzod Musayev Rossiyaning uchta qurilish va kemasozlik kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi.
Unda “StroyPromTorg” kompaniyalar guruhining Amur, Sankt-Peterburg hamda Yaltadagi qurilish obyektlarida 200 nafardan ortiq o‘zbekistonlik faoliyat olib borayotgani qayd etildi. Yana 300 nafar ishchiga talab mavjud.
“Stroy Aktiv” qurilish kompaniyasida esa 100 dan ortiq fuqaro ishlamoqda. Mazkur kompaniya kelasi yil boshida agentlik yordamida yana 600 nafar quruvchini O‘zbekistondan jalb qilishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, kemasozlik kompaniyasi vakili hozirda 825 nafar o‘zbekistonlik ularda mehnat qilayotganini va yana kemasozlik qurilishi bo‘yicha 850 nafar mutaxassisga ehtiyoj borligini bildirdi.
Har bir ish beruvchi qurilish obyekti, ish o‘rinlarini taqdimot qildi. Agentlik tomoni O‘zbekistondan boradigan ishchilarning mehnat va yashash sharoitlarini namunadagidek tashkil qilish lozimligini ta’kidladi. Kompaniya vakillari barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyorligini bildirdi.
Yil boshidan 113 ming nafardan ortiq mehnat muhojirlari qonuniy ravishda xorijga jo‘natildi. Rossiyada o‘zbekistonliklarga taklif etilayotgan o‘rtacha ish haqi miqdori ayniqsa, xizmatlar sohasida 38%ga oshgan.
Avvalroq prezident Tashqi ishlar vazirligiga Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Slovakiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya kabi mamlakatlarda viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishni topshirgandi.