Yil davomida tadbirkorlar va top-menejerlar o‘zlarining shaxsiy hayot va bizneslariga ta’sir ko‘rsatgan hamda sevib o‘qiydigan kitoblari bilan o‘rtoqlashdilar. “Spot” ular tavsiya qilgan asarlardan asosiylarini saralab oldi. Ro‘yxatdan, shuningdek, iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari va “Microsoft” kompaniyasi asoschisi Bill Geyts tomonidan tavsiya qilingan kitoblar o‘rin olgan.
“Sapiens: insoniyatning qisqacha tarixi”, Yuval Noy Harari
“Profi University” asoschisi Bektosh Hatamovning fikricha, asar dunyoqarashni kengaytiradi, insoniyat tarixidagi muvaffaqiyat va xatolarni chuqurroq anglashga yordam beradi. Bu orqali o‘quvchi o‘z hayoti va jamiyat rivoji uchun foydali bo‘lgan xulosalarni chiqara olishi mumkin.
Bundan tashqari, muallif murakkab savollarni, jumladan, kelajakda texnologik taraqqiyot va genetika yordamida insoniyatni qanday o‘zgarishlar kutayotganiga oid savollarni ham o‘rtaga tashlagan, deydi “Profi University” asoschisi.
“Legalmax” boshqaruvchi hamkori Muxammadali Maxmudov ham kitobxonlarga aynan shu asar mutolaasini tavsiya qilgan. Asar ko‘plab qarashlarimni qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi, jumladan, din va inson tabiati haqida chuqur tushunchalarni anglashga yordam berdi, deydi tadbirkor.
Bu asar men uchun ilhomlantiruvchi mutolaa bo‘lib, inson motivlari va xatti-harakatlarini chuqurroq tushunishga ko‘maklashdi, deydi Muxammadali Maxmudov.
“Qanday qilib xato qilmaslik mumkin. Matematik fikrlash kuchi”, Jordan Ellenberg
EPAM direktori Renat Axtyamov tomonidan tavsiya qilingan bu kitob matematika nuqtayi nazaridan, sirli va hayratlanarli ko‘rinadigan ko‘pgina voqealarni tushuntirib, bu yordamida xatolarni topish mumkin.
Axtyamovning fikricha, bu kitob ko‘p narsaga nafaqat odatiy nuqtayi nazardan, balki matematik fikrlash prizmasidan ham qarash imkonini beradi, bu esa ko‘proq asosli qarorlar qabul qilishga yordam beradi.
“Yuqumli saxiylik”, Kris Anderson
Kitob “Microsoft” kompaniyasi asoschisi Bill Geyts tomonidan tavsiya qilingan. Asar orqali muallif faqat pul berish haqida emas, saxiylik tushunchasini kengaytirishimiz kerakligini ta’kidlaydi.
Agar siz yanada adolatli dunyoni yaratishga yordam berishni istasangiz, lekin qayerdan boshlashni bilmasangiz, bu kitob siz uchun, deydi mashhur biznesmen.
“Mukammal rahbar”, Isxak Kalderon Adizes
Bu kitob “Thompson school” asoschisi Shahzod Bahodirov tomonidan tavsiya qilingan bo‘lib, asar kompaniya samaradorligi uchun bir-birini to‘ldiruvchi boshqaruv uslublariga ega menejerlarni tanlash tamoyili, ular sifatli qarorlar qabul qilishda hatto ziddiyatlardan foydalanishlari uchun aloqani qanday qurishlari kerak, degan ko‘plab savollarga javob beradi.
Boshqaruv sohasida ta’lim olayotgan, ishlayotgan va o‘z biznesida haqiqiy lider bo‘lish ishtiyoqidagi har bir inson o‘qishi shart bo‘lgan kitoblardan biri deb bilaman, deydi yosh tadbirkor.
“Sistemologiya”, Devid Jenins
Bektosh Hatamov tomonidan tavsiya qilingan bu kitob biznes tizimlarini yaratish, jarayonlarni samarali boshqarish va tashkilot ichidagi muammolarni hal qilish usullari haqida bo‘lib, bu orqali barqarorlikka erishish, vaqt va resurslarni tejash imkoniyatinini o‘rganib olish mumkin.
Jenins yondashuvi, ayniqsa, kichik va o‘rta biznes uchun foydali bo‘lib, ularga oddiy va samarali tizimlarni yaratishni o‘rgatadi. U tartib o‘rnatishga, xaosni kamaytirishga va muhim xodimlarga qaramlikni kamaytirishga yordam beradi, deydi tadbirkor.
“Jamoaning ideal o‘yinchisi”, Patrik Lensioni
EPAM direktori Renat Axtyamovning fikricha bu kitob “EPAM” doirasida e’tiborga tushib ulgurgan. Kitob xodimlarni uchta asosiy mezon va ularning kombinatsiyasi asosida tasniflashning ko‘plab tizimlaridan birini taklif qiladi.
“Och”, “Kamtar”, “Aqlli” kabi jihatlarning muvozanatiga ega bo‘lish juda muhim, chunki ulardan birining mavjud emasligi xodimning karyera cho‘qqisini zabt etishiga va jamoada muvaffaqiyatli muloqotni o‘rnatishiga to‘sqinlik qiladi, deydi EPAM direktori.
“Boburnoma”, Zahiriddin Muhammad Bobur
Kitob O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva tomonidan mutolaaga tavsiya etilgan bo’lib, unda Osiyoning ko‘plab tog‘lari, daryolari, o‘rmon va cho‘llari, iqlimi, aholisi, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy ahvoli haqidagi maʼlumotlar, Boburning kechinmalari o‘rin olgan.
Asar o‘qib borar ekansiz, tarixga bo‘lgan qiziqishingiz ham oshib boradi. O‘sha davrdagi jonli muhitga tushib qolgandek bo‘lasiz. Asardagi voqealar ketma-ketligi aniq, hayotiy va ta’sirchan yozilgan, deydi Teshaboyeva.
“Bir varaqli marketing reja”, Allan Dib
“Thompson school” asoschisi Shahzod Bahodirov tomonidan tavsiya qilingan kitob tadbirkor va marketolog Allan Dib marketing rejasini qanday qilib oson va tez bitkazishni o‘rgatadi. Bu esa, o‘z o‘rnida, murakkab marketing rejani tuzib, boshlovchidan soha ustasiga aylanishga yordam beradi.
Marketing sohasiga qiziqadigan va biznesida ushbu bo‘limni rivojlantirishga harakat qilayotgan har bir inson uchun tavsiya qilaman, deydi tadbirkor.
“Tor yo‘lak”, Daron Ajemog‘lu va Jeyms Robinson
Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan Daron Ajemog‘lu va Jeyms Robinsonning bu kitobida mamlakatlar qanday rivojlanib, fuqarolarga erkinlik berishlarini, boshqalari esa mustabidlik yoki qonunsizlikka tushib qolishlari tadqiq etilgan.
Bundan tashqari, aynan shu ikki yozuvchi qalamiga mansub “Mamlakatlar tanazzuli sabablari”, “Diktatura va demokratiyaning iqtisodiy manbalari” asarlari ham mutolaachini jamiyatda sodir bo‘layotgan voqealarga chuqurroq nazar tashlashga undaydi.
Yana bir Nobel mukofoti sovrindori Saymon Jonson va Daron Ajemog‘luning “Hokimiyat va taraqqiyot” kitobi ham omma e’tiboriga tushib ulgurgan. Asar texnologiyalar jamiyat tomonidan qayta yo‘naltirilishi zarurligini ko‘rsatadi.
“Yangi dadil so‘zlar”, Salman Xon
Bill Geyts tomonidan tavsiya qilingan bu kitob, sun’iy intellektning ta’limni qanday yaxshilashi haqidagi “yangi dadil so‘zlar"dan iborat.
Hech kim ta’limning kelajagi haqida Salmandan ko‘ra aniqroq tushunchaga ega emas va men “Ajib yangi so‘zlar"ni tavsiya qilishdan boshqa ilojim yo‘q, deydi tadbirkor.
Eng yaxshi biznes kitoblar
“Forbes"ning 2023-yilning eng yaxshi biznes kitoblar ro‘yxatiga kirgan Gloriya Markning “Diqqat oralig‘i” asari inson e’tibori hamda miyani iloji boricha samarali ishlashi, uning imkoniyati buzmasligi uchun nima kerakligi haqida hikoya qiladi.
Navbatdagi kitob Anil Kumar Setning “O‘zingda bo‘l. Yangi ong nazariyasi” asari bo‘lib, unda muallif o‘zining asosiy va qisman shov-shuvli g‘oyasini shakllantiradi: bizning ongimiz aslida boshqariladigan gallyutsinatsiya.
Jozef Xenrikning “Dunyodagi eng g‘alati odamlar” kitobi ham eng yaxshi kitoblar ro‘yxatiga kiritilib, unda muallif tomonidan biz bilgan zamonaviy dunyoni shakllantirgan g‘arb madaniyati vakillarining xususiyatlari keng ko‘lamli o‘rganilib, ochib berilgan.
Eng yaxshi kitoblar ketma-ketligini Dan Uillingemning “Professional kabi o‘rganing” asari davom ettiradi. Bu Kognitiv psixologiya professori Dan Uillingemning o‘quv jarayonida miya faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganuvchi kitobi bo‘lib, u har qanday materialni o‘zlashtirishni osonlashtirish va uni yanada samarali taqdim etish uchun yetarlicha sodda va ishlaydigan vositalarni taklif etadi.
Ro‘yxatning eng so‘ngi kitobi Alvi Rey Smitning “Piksel. Bir nuqta hikoyasi” bo‘lib, asar texnologiya biznesi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar va ilm-fan tarixi va inson ongining imkoniyatlariga qiziqqan har bir kishi uchun qiziqarli bo‘ladi.