12-dekabr kuni “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, 2025-yildan qishloq xo‘jaligi texnikalari yetkazib berishda qonunchilik asosida qo‘llaniladigan imtiyozlar faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar va dilerlar orqali muomalaga chiqariladigan qishloq xo‘jaligi texnikalariga nisbatan tatbiq etiladi. Bunda subsidiya, soliq va bojxona imtiyozlari va moliyaviy yordamlar nazarda tutilgan.

2027-yilgacha paxta terish, o‘ziyurar ozuqa yig‘uvchi va bog‘dorchilik kombaynlari, ko‘chat ko‘mish va ochish texnikalari bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod etiladi. Bu imtiyoz belgilangan talablarga javob beruvchi hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar va dilerlik xizmatiga nisbatan tatbiq etiladi.

Kelasi yilning 1-martidan GPS qurilmasini o‘rnatmasdan yangi traktor va kombaynlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va foydalanish taqiqlanadi. 2028-yildan asosiy paxta va g‘alla hosili uchun paxta chigiti va bug‘doyni ekishda aniq donalab ekmaydigan seyalkalardan foydalanish mumkin emas.

Qishloq xo‘jaligi texnikalariga xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlarning ishsiz yoshlarni qishloq xo‘jaligi texnikalariga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassis va traktorchi-mashinistlikka o‘qitish hamda qayta tayyorlash xarajatlari qoplab beriladi.

Mablag‘lar tadbirkorlar buyurtmasi bo‘yicha bandlikka ko‘maklashish markazlari yo‘llanmasiga asosan Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan yo‘naltiriladi.

2025-yildan 2028-yilgacha qishloq xo‘jaligida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari 50%ga kamaytiriladi.

Bu klasterlardan tashqari, qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta’mirlash, agrotexnik xizmatlar ko‘rsatish, jumladan, ekin maydonlarini lazerli yer tekislagich yordamida tekislash, g‘o‘zani chilpish (chekanka) va defoliatsiyalash xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga qo‘llaniladi.

Mahalliy korxonalarning o‘z ehtiyoji uchun o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan texnikalarning butlovchi va ehtiyot qismlari 2028-yilgacha bojxona bojidan ozod qilinadi.

Avvalroq organik maydonlar yaratgan fermerlarning ayrim xarajatlari qoplanishi haqida xabar berilgandi. Prezident qishloq xo‘jaligi texnikalarini lizingga yetkazib berish tizimini issiqxonalar uchun ham joriy qilish zarurligini ta’kidladi.