Toshkent shahar hokimligi qarori bilan poytaxt jamoat transporti uchun yo‘l haqining cheklangan tariflari belgilandi.
Hujjat bilan, 2025-yildan Toshkent shahrining avtobus va metropoliten yo‘nalishida bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tarif 3 ming so‘mni tashkil etadi. Transport to‘lov tizimi yoki bank kartalari orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar 1 700 so‘m miqdorida o‘zgarishsiz qoldirildi.
Bir yo‘lovchining bagajini tashish xizmati uchun 4 ming so‘m undiriladi. Qatnovlar soniga bog‘liq holda belgilangan tarif rejalarini hisoblash uchun cheklangan tarif esa 1 600 so‘mni tashkil etadi.
Transport kartalari va ular orqali bir soat ichida bir yo‘nalishdan boshqasiga o‘tishda, qatnov soni asosida qo‘llaniladigan imtiyoz va bepul tariflarning narxlari o‘zgarishsiz qoldiriladi.
Toshkent shahri yo‘nalishlaridagi barcha avtobuslar salonida yo‘l haqini naqd pulda olish to‘xtatilib, to‘lovlar faqat elektron qabul qilinadi. Naqd pulda to‘lovlarni amalga oshirish uchun bekatlar yonidagi barcha to‘lov qurilmalari — “Paynet”, “MultiPay” va “Oson” infokiosklari orqali bir martalik chipta xarid qilish kerak.
Qaror bilan elektron to‘lovlarni amalga oshirishda ko‘p martalik tarif rejalari tasdiqlandi. U kunlik va oylik tariflarga qo‘shimcha ravishda qatnovlar sonidan kelib chiqib belgilangan.
Masalan, “10 martalik” tarifi 2 kun amal qilib, avtobusda 10 marotaba qatnovni amalga oshirishga mo‘ljallangan. Tarif narxi 16 ming so‘mni tashkil etadi. “20 martalik” tarifi 5 kun amal qilgan holda 20 martalik qatnovlar uchun amal qiladi. Uning narxi — 30 ming so‘m.
Shu bilan birga, “30 martalik” tarifi bir hafta davomida avtobusdan 30tagacha foydalanishni ta’minlaydi. Mazkur tarif rejasining narxi 44 ming so‘m etib belgilangan. Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Oktabr oyida Toshkentda avtobuslarda naqd pul to‘lovlaridan voz kechish rejalari haqida transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qilgandi. Chiptalarni o‘qish uchun barcha avtobuslarga maxsus moslamalar o‘rnatilishi aytilgan.
Noyabr oyida poytaxt jamoat transportida yo‘lkira haqining cheklangan tariflarini joriy etishni nazarda tutuvchi poytaxt hokimining qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Avvalroq avtobus yo‘lagida qoida buzganlar uchun jarima joriy etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Bu harakatni birinchi marta sodir etganlik uchun 1,12 mln so‘m, bir yil ichida takror kuzatilsa, 1,87 mln so‘m miqdorida jarima belgilanadi.