Markaziy bank noyabr oyida 8ta bankka nisbatan jarima qo‘lladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan o‘tgan oydagi yig‘ilishlarda 32 ta masala ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qildi. Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 13ta masala muhokama qilingan.

Xususan, 1tasi kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, yana bittasi banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish, 3tasi kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish borasidagi masalalardir.

Shu bilan birga, talablarning bajarilishi, banklarda amalga oshirilgan nazorat tadbirlari hamda banklar va mikromoliya tashkilotida o‘tkazilgan o‘rganish va tekshirishlar natijalari yuzasidan jami 19ta masala muhokama qilindi.

O‘rganish va inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 8ta bank, 7ta to‘lov tashkiloti va 12ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi.

Bunga ularning Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan iqtisodiy me’yorlar talablari hamda ko‘rsatmalariga rioya qilmaganligi sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, o‘rganishlar natijasida banklar, mikromoliya tashkilotlari va to‘lov tashkilotlaridagi qoidabuzarliklar uchun 22ta bank va 3ta to‘lov tashkiloti chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Regulyator nazorati qo‘mitasining tegishli qarori bilan 7ta bank 2025-yil uchun tizimli ahamiyatga molik banklar sifatida belgilandi.

11-dekabr kuni Oliy Majlis Senati Kengashi Timur Ishmetovni O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Regulyatorning avvalgi rahbari Mamarizo Nurmuratov esa prezident taqdimnomasi asosida lavozimidan ozod etildi.