Tahlilchilarning aytishicha, qahva narxlarining rekord darajada ko‘tarilishi kuzatilmoqda va dunyoda eng ko‘p sotiladigan mahsulotlardan biri bo‘lgan qahva narxining tiklanishi uchun yillar ketishi mumkin, deya xabar bermoqda “CNBC” nashri.

Mart oyida yetkazib beriladigan arabika qahvasi uchun fyucherslar bir funt uchun 348,35 sentgacha ko‘tarildi. Bu deyarli 50 yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

So‘nggi paytlarda qahva narxi 70%ga oshdi. Dunyoda eng mashhur bo‘lgan arabika loviyasi narxi oxirgi marta 1977-yilda, Braziliyadagi plantatsiyalarning katta maydonlarini qor qoplaganida ko‘tarilgan.

Dunyo bo‘ylab milliardlab odamlar uchun asosiy ichimlik bo‘lgan qahvaga bo‘lgan talab so‘nggi yillarda Xitoyda uning iste’molining o‘sishi tufayli oshdi. Biroq, ishlab chiqarish o‘sib borayotgan talabga qiyinchilik bilan yetib bormoqda.

Yumshoq ta’mi va shirin ifori bilan mashhur bo‘lgan arabika doni jahon qahva bozorining 60% dan 70% gacha qismini tashkil qiladi.

Qurg‘oqchilik, yuqori harorat va nisbatan kam sonli hududlardan yetkazib berishga bog‘liqlik narxlar oshishining asosiy sabablari hisoblanadi.

Robusta bo‘yicha fyucherslar ham rekord darajaga ko‘tarildi. Bu navning donlari o‘zining to‘yingan va achchiq ta’mi bilan mashhur. Ular odatda ichimlikning eruvchan variantlarini tayyorlash uchun ishlatiladi.

Xom neftdan keyin savdo hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi qahva narxining oshishi dunyodagi eng yirik ishlab chiqaruvchi Braziliyada 2025-yil hosili bo‘yicha xavotirlar fonida sodir bo‘lmoqda.

“Avgust va sentabr oylarida mamlakatda 70 yil ichidagi eng kuchli qurg‘oqchilik kuzatildi, uning ortidan oktyabrda kuchli yomg‘irlar yog‘di. Bu esa hosilning nobud bo‘lishi mumkinligi haqida xavotir uyg‘otdi,” — deya ta’kidladi Daniyaning “Saxo Bank” kompaniyasi tovar strategiyasi bo‘limi rahbari Ole Xansen o‘zining tahliliy ma’ruzasida.

Bu qahva narxlarining tiklanishi uzoq vaqt talab qilishi mumkinligini anglatadi. “Capital Economics” kompaniyasining iqlim va xom ashyo bo‘yicha bosh iqtisodchisi Devid Okslining aytishicha, taklif hajmining oshishi va zaxiralarning ko‘payishi bunga hissa qo‘shishi mumkin. Bu jarayon yillar davomida cho‘zilishi ehtimoli bor.


Avvalroq “Spot” tabiiy qahvadan tayyorlangan birinchi qalamlar taqdim etilgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, qalamlar 20% qayta ishlangan qahva va 80% yelim hamda mumdan tayyorlangan.