2024-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti avvalgi yillarga nisbatan o‘sish sur’atlarida davom etdi. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 9 oyda yalpi ichki mahsulot (YIM) hajmi 6,6%ga o‘sib, 1 kvadrillion so‘mdan oshdi. Joriy yil yakuni bo‘yicha 6% o‘sish kutilmoqda.

11 oy davomida inflyatsiyaning o‘sishi 8,7%ni tashkil etdi, bu 2023-yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqori. Yillik inflyatsiya 10%dan oshdi. Yil oxirida Markaziy bank inflyatsiya 9,5% atrofida bo‘lishini kutmoqda.

Yil boshidan buyon o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan taxminan 4%ga qadrsizlandi. Iyun-iyul oylarida milliy valyuta biroz mustahkamlandi, avgust oyidan boshlab asta-sekin arzonlashdi. Biroq, devalvatsiya sur’atlari mo‘tadilligicha qolmoqda.

Oltin rekord darajada qimmatlashgani fonida O‘zbekistonning xalqaro aktivlari tarixda birinchi marta $40 mlrddan oshdi. Noyabr oyida xalqaro zaxiralar hajmi iyun oyidan beri birinchi marta kamaydi, shunga qaramay, maksimal qiymatga yaqinligicha qolmoqda.

“Spot” ekspert Yuliy Yusupov bilan joriy yilda iqtisodiyotdagi asosiy tendensiyalar, inflyatsiyaning tezlashishi, so‘mning real almashinuv kursi mustahkamlanishi sabablari, mikrokreditlashning o‘sishidagi risklar hamda 2026-yilgacha O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish istiqbollarini muhokama qildi.


2024-yil uchun qanday kutilmalaringiz amalga oshmadi?

Men 2024-yilda iqtisodiyotning agrar va energetika sohalarida ko‘pdan kutilgan islohotlar boshlanishini kutgan edim. Ammo davlat fermerlarni majburiy “ekinlarni joylashtirish” (hozir majburiy davlat buyurtmasi shunday ataladi)dan ozod qilgani yo‘q, fermerlar klasterlarga biriktirilganlaricha qolmoqda.

Energetika sektorining “islohoti” faqat tariflarni oshirish bilan cheklandi, bu aslida islohot emas. Biz yana butun bir yilni yo‘qotdik, xuddi avvalgi 30 yil kabi. Shu bilan birga, elektr stansiyalarini xususiylashtirish va elektr energiyasining raqobatli bozorini yaratish kerak. Busiz sohani texnik jihatdan modernizatsiya qila oladigan strategik investorlarni jalb qilish mumkin emas.

Shuningdek, men ko‘plab tovarlar uchun juda yuqori bo‘lgan, raqobatni buzuvchi, kontrabanda, yashirin savdo va korrupsiyaga yordam beradigan import bojlarining kamayishiga umid qilgan edim. Ammo Budjetnoma loyihasiga ko‘ra, hukumatimiz import o‘rnini bosish va proteksionizm siyosatidan voz kechmoqchi emas. Hatto bo‘lajak JSTga a’zo bo‘lish nuqtayi nazaridan ham. Bu juda achinarli.

Iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha vaziyat qanday o‘zgardi? Qaysi sohalar yaxshiroq va qaysilari aksincha bo‘ldi?

Rasmiy statistik ma’lumotlarga qaraganda, eng yuqori o‘sish sanoat va qurilish sohalarida qayd etilgan. Xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda o‘sish sur’atlari biroz past bo‘lgan bo‘lsa-da, savdo, yashash va ovqatlanish, tashish va saqlash, axborot va aloqa kabi xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘sish sur’atlari ancha yuqori bo‘lgan.

Bu yil inflyatsiya o‘sishiga qaysi tovarlar va xizmatlar ko‘proq hissa qo‘shdi?

Agar o‘tgan yillarda inflyatsiyaning asosiy sabablari tashqi omillar, ya’ni energiya resurslari, oziq-ovqat, transport qimmatlashishi bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ichki omillarga to‘g‘ri keladi. Bunga asosiy sabab bahorda kommunal xizmatlar, jumladan, gaz, elektr energiyasi va issiqlik ta’minoti narxlarining keskin oshishi bo‘ldi.

Shu bilan birga, bahorda dori-darmonlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bo‘yicha imtiyozlar bekor qilindi, bu esa o‘z navbatida dori vositalari, tibbiy preparatlar va sog‘liqni saqlash xizmatlarining qimmatlashishiga olib keldi.

Bundan tashqari, hech qayerga tarqalmagan va inflyatsiyaning doimiy omillari bo‘lgan omillar saqlanib qolmoqda. Ular orasida imtiyozli kreditlar, ya’ni iqtisodiyotda pul massasini ko‘paytiradigan arzon mablag‘lar, shuningdek, qisqarishni mutlaqo xohlamaydigan shishib ketgan davlat xarajatlari bor.

Iyul oyida Markaziy bank ancha vaqtdan keyin birinchi marta asosiy stavkani pasaytirdi, hozir u 2017-yil iyun oyidan beri minimal darajada — yillik 13,5%. Nima uchun regulyator stavkani pasaytirishga qaror qildi? Bu pul-kredit siyosatini yumshatish bosqichiga o‘tishni anglatadimi?

Aslida, asosiy stavkaning o‘zgarishi deyarli hech narsaga ta’sir ko‘rsatmaydi, chunki O‘zbekistonda hali ham bozor iqtisodiyoti mavjud emas. Markaziy bank va tijorat banklari o‘rtasidagi munosabatlar bozor tamoyillari asosida ishlamaydi. Asosiy stavka — bu shunchaki hisob stavkasi bo‘lib, unga imtiyozli kreditlar yoki hukumat nazoratidagi boshqa kreditlar bog‘langan, xolos.

Bu stavka bo‘yicha tijorat banklari Markaziy bankdan erkin ravishda kredit ololmaydi. Regulyator kreditlar berishi mumkin: buni ixtiyoriy tarzda amalga oshiradi. Iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda asosiy stavka Markaziy bank tomonidan tijorat banklariga beriladigan qayta moliyalash stavkasi bo‘lib, u amalda muomalada bo‘lgan pul miqdoriga ta’sir ko‘rsatadi. Agar qayta moliyalash stavkasi yuqori bo‘lsa, pulga bo‘lgan talab kamayadi va shunga mos ravishda iqtisodiyotda ham pulga bo‘lgan talab kamayadi. Agar u pasaysa, talab oshadi va iqtisodiyotda pul ko‘payadi.

O‘zbekistonda bu ishlamaydi, chunki Markaziy bank asosiy stavkada tijorat banklariga erkin kreditlar bermaydi. Shuning uchun stavkaning o‘zgarishi bozor foiz stavkalariga, ishbilarmonlik faolligiga va inflyatsiyaga kuchsiz ta’sir ko‘rsatadi. Davlat banklari tomonidan beriladigan imtiyozli va davlat kreditlari bo‘yicha foizlar stavkaga bog‘langan. Ular ana shu stavkaga e’tibor berishadi, bundan ortig‘iga emas.

Yanvar-noyabr oylarida o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan 4%ga qadrsizlanib, kursning keskin sakrashi kuzatilmadi. Qanday omillar devalvatsiyaning past sur’atlarini ta’minladi? Mamlakat eksportchilari milliy valyutaning mustahkamlanishidan yutqazmadilarmi?

10−11 oy ichida o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan taxminan 4%ga arzonladi, bu inflyatsiyaning o‘sish sur’atidan ikki baravar past. Bundan ko‘rinadiki, haqiqatda so‘m o‘sib bormoqda. Bundan eksportchilar yutqazyapti, chunki ularning tovarlarini jahon bozorlarida raqobatbardoshligi pasaymoqda (xorijiy valyutada tovarlarimiz qimmatlashyapti). Import nisbatan arzonlashib borayotganligi mahalliy mahsulotlarning narxi importga nisbatan o‘rtacha olganda tezroq o‘sib borayotganligi bilan raqobatlashayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun ham yomon holat.

Milliy valyutani mustahkamlashning birinchi asosiy omili — oltin sotish hisoblanadi. Jahonda oltin narxining o‘sishi uning savdosini ko‘paytirishga turtki bo‘ladi. Miqdoriy jihatdan o‘smasa ham, jahon oltin narxlarining o‘sishi hisobiga qiymat ifodasida oshadi. Joriy yilning dastlabki 10 oyida jami eksportning qariyb 30%i oltin savdosiga to‘g‘ri keldi — bu 2023-yilga nisbatan kamroq, ammo 2021 va 2022-yillarga nisbatan sezilarli darajada ko‘p.

So‘mni mustahkamlovchi ikkinchi omil — bu hukumatning qarzlari. Bahorda O‘zbekiston jahon bozorlaridan $1,5 mlrd yevrobondlar chiqarib, ancha katta qarz oldi. Bu milliy valyutani mustahkamlaydigan valyuta oqimidir. Xususiy va davlat kompaniyalari kredit olmoqda. Misol uchun, yaqinda NKMK $1 mlrdlik obligatsiyalarni chiqarib, jahon bozorlaridan qarz oldi.

Mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari kamayish o‘rniga, aksincha ko‘paymoqda, bunda ular nafaqat Rossiyadan, balki boshqa mamlakatlardan ham kelmoqda. O‘z navbatida, chet el valyutasining bu oqimi o‘zbek so‘mini mustahkamlamoqda.

To‘qqiz oy yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda ipoteka va avtokreditlar hajmi sezilarli darajada qisqargan, mikrokreditlar va mikroqarzlar esa tez sur’atlar bilan o‘smoqda. Avtokreditlar va ipoteka kreditlarining pasayishi sabablari nimada, shuningdek, mikromoliyalash nega jadal o‘sish suratida?

Avtokreditlash hajmi qisqardi, chunki Markaziy bank bu turdagi kreditlarga cheklovlar joriy etdi. Regulyatorning fikricha, ayrim banklar avtokreditlar berishga haddan tashqari berilib ketgan va ularning siyosati yetarlicha mas’uliyatli emas, chunki bu kreditlarning qaytarilmaslik xavfini keltirib chiqarishi mumkin.

Ipoteka kreditlari kamaymoqda, chunki uy-joy qurilish bozorida taklif ko‘payib ketgan. 2017-yildan so‘ng uy-joy ko‘chmas mulk bozori, narxlar va qurilishning o‘zi ham keskin o‘sdi. Chamasi, talab ma’lum darajada qondirilgan, odamlarni kelajak, qayta sotish yoxud ijaraga berish maqsadida “kvartira” sotib olishga undovchi spekulyativ omillar endi avvalgidek faol ishlamayapti. Natijada, uy-joyga bo‘lgan talab pasaymoqda va ipoteka kreditlariga bo‘lgan ehtiyoj ham kamaymoqda.

Boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda O‘zbekistonda mikrokreditlash hajmi unchalik katta emas. Bunda hech qanday ajablanadigan joyi yo‘q, chunki avval bunday infratuzilma bo‘lmagan va mikrokredit olish juda qiyin yoki ilojsiz edi. Hozir tashkilotlar, eng avvalo, mikrokreditlar berayotgan banklar paydo bo‘ldi, lekin ular mavjud ehtiyojni qondirmoqda.

Bugungi kunda internet-banking orqali bir necha daqiqada mikrokredit olish mumkin va undan odamlar foydalanmoqda. Mikrokreditlash ko‘lami hozircha boshqa mamlakatlarga nisbatan ancha kichik, chunki bu amaliyot o‘sha davlatlarda uzoq yillar va o‘n yilliklar mobaynida mavjud bo‘lib kelmoqda.

Biroq, ikkinchi tomondan, mikrokreditlashning bu o‘sishi ma’lum xatarlarni o‘z ichiga oladi. Moliyaviy bilimga ega bo‘lmagan odamlar kreditlarni qaytarish imkoniyatlarini hisobga olmasliklari mumkin. Bu qarz oluvchilarning o‘zlari va banklar uchun ham qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin. Bunda ma’lum risklar bor, avvalo, bizda zarur amaliyot yo‘qligi sababli mazkur masalalarni hal etish mexanizmlari oxirigacha ishlab chiqilmagan.

Odamlar har doim ham o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri hisobga olmaydilar va buning oqibatlari haqida bosh qotirmasdan mikrokredit olishlari mumkinligini inobatga olish kerak. Bu yerda ma’lum bir xavf mavjud.

2026-yil yozida O‘zbekistonning “JST” ga a’zo bo‘lish niyati ma’lum bo‘ldi. 2024-yilda bu borada qanday ishlar amalga oshirildi va yana nimalar qilish rejalashtirilgan?

2026-yilda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni rejalashtirayotganimiz yaqinda ma’lum bo‘ldi, bundan oldin “JST"ga tez orada a’zo bo‘lamiz, deb aytishardi. Bu unchalik tez va oson jarayon emasligi ma’lum bo‘ldi. Ayniqsa, bizning iqtisodiy siyosatimiz erkin savdo va raqobat tamoyillariga mutlaqo zid: u proteksionizmga, imtiyozlar berishga, amaldorlar hamma narsani boshqarishga harakat qilishiga asoslangan. Agar siz shunday siyosat yuritsangiz, albatta, “JST"ga tez a’zo bo‘lolmaysiz.

So‘nggi yillardagi JSTga a’zo bo‘lish jarayoni — bu amaldorlarimizning tashkilotga qo‘shilishga intilishi, ammo shu bilan birga davlatning iqtisodiyotga to‘liq aralashuvi siyosatining asosiy tamoyillarini saqlab qolishga urinishidan iborat. Tabiiyki, “JST” va uning muzokara olib borilayotgan a’zolari bunga qarshilik ko‘rsatishadi, bizning amaldorlarimiz esa ularga nisbatan hiyla ishlatishga va aslida ular o‘ylagandek emasligimizni va bu yerda hamma narsa yaxshi ekanligini isbotlashga harakat qilishmoqda.

Joriy yilda raqobat va erkin savdo yo‘lidagi monopoliyalar va to‘siqlarni olib tashlaydigan muhim harakatlar va qarorlar qabul qilindi. Masalan, Xitoy va AQSh bilan muzokaralar yakunlangani O‘zbekistonning iqtisodiy siyosat olib borish borasidagi o‘z stereotiplarini yengib o‘tayotgani va baribir qandaydir islohotlar o‘tkazayotganidan dalolat beradi.

Rasmiylar bunga qattiq qarshilik ko‘rsatishyapti, lekin prezidentning “JST"ga a’zo bo‘lish bo‘yicha topshirig‘i borligi uchun qandaydir yon bosishga to‘g‘ri kelmoqda. Aftidan, narigi tomondan ham qandaydir yon berishlar bo‘lyapti. Aslida esa bularning bari ularga emas, bizga kerak. Biz sun’iy monopoliyalarni yo‘q qilishimiz, raqobatni rivojlantirishimiz, iqtisodiyotni savdo va investitsiyalar uchun ochishimiz kerak, lekin biz juda qattiq turib olamiz, qarshilik ko‘rsatamiz, bunga katta qiyinchilik bilan boramiz, bizni majburlashayotganidan doim shikoyat qilamiz.

Biz yakunlashimiz kerak bo‘lgan muzokaralarning bir qismini o‘tkazdik, bir qismi qoldi, hali boshqa mamlakatlar bilan kelishib olish kerak, ko‘p tomonlama muzokaralar ketmoqda, bu yerda “JST"ga a’zo mamlakatlar ham ko‘plab savollar bermoqda. Jumladan, savollar bizning iqtisodiy siyosatimiz bilan bog‘liq, masalan, bizda hozirgacha feodal munosabatlar mavjud bo‘lib, davlat fermerlarni u yoki bu ekinlarni yetishtirishga majbur qiladi. Bunday siyosat “JST"ga to‘g‘ri kelmaydi, ammo mansabdorlarimiz erkin bozor munosabatlarimiz bor, deb bu fikrga qo‘shilmayapti. Lekin ular “JST"ni bunga ishontira olishiga ishonchim komil emas.