30 mingga yaqin holatda elektr energiyasini behuda sarflashning oldi olindi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.

Inspeksiya va Bosh prokurotura tomonidan mamlakatda energiya resurslarini behuda sarflashning oldini olish va unga barham berish bo‘yicha nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

Bunda dehqon bozorlari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari hamda boshqa obyektlar o‘rganildi. Aniqlangan 30 mingga yaqin holat natijasida oyiga 4 mln kVt⋅soat elektr energiyasi iqtisod qilindi.

Energiya resurslarini behuda sarflashda ifodalangan huquqbuzarlikni sodir etgan 2 996 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, hujjatlar ko‘rib chiqish uchun sudlarga yuborilgan.

Ushbu tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini tabiiy gaz hamda elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlashdan iborat ekanligi qayd etilgan.

Dekabr oyi boshida Toshkentda energiya resurslaridan nooqilona foydalanishga qarshi reydlar o‘tkazila boshlandi. Kunduz kuni elektr energiyasidan asossiz foydalangan tadbirkorlarga isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ogohlantirishlar berildi. Ikki kunda poytaxtda jami 264ta bu kabi holat aniqlangan.

Joriy yilning avgust oyida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan energiya tejash sohasidagi qoidabuzarliklar uchun javobgarlik belgilangan. Elektr yoritgichlarni me’yoridan ortiq, ishlab chiqarish zaruriyatisiz, kunning yorug‘ davrida maqsadsiz foydalanish uchun jarima miqdori elektr narxining 50%ini tashkil etadi.

Avvalroq Andijonda navbatlarga sabab bo‘layotgan AYQShlarga chora ko‘rilgani haqida xabar berilgandi.