13-dekabr kuni Xalqaro kongress markazida Shavkat Mirziyoyev ishtirokida energetika sohasida yangi quvvatlarni ishga tushirish va navbatdagi loyihalar qurilishiga start berish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Xususan, qiymati $3,7 mlrdlik 18ta yangi quvvatlar ishga tushirilmoqda, 6ta loyiha qurilishi boshlandi. Loyihalar qatorida Buxoro, Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida salkam 2,3 ming MVt quvvatga ega 5ta quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda 5ta yuqori kuchlanishli podstansiya bor.
Shu bilan birga, birinchi marta Andijon va Farg‘onada 300 MVtli yirik saqlash tizimi barpo etildi. Qashqadaryoda 400 MVtli elektr stansiyasi, Toshkent shahrida kogeneratsiya qurilmasi, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 4ta kichik GES foydalanishga topshirilmoqda.
Farg‘ona, Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida qiymati $3,5 mlrd bo‘lgan 2,5 ming MVtli 6ta elektr quvvatlari qurilishi boshlanmoqda.
Ishga tushayotgan quvvatlar va yangi loyihalar orqali kelgusi yillarda qo‘shimcha 9,5 mlrd kVt/soat elektr ishlab chiqarilib, 2,5 mlrd kub metr tabiiy gaz tejaladi, 4,6 mln tonna zararli gazlar chiqarilishi oldi olinadi. 4 mlndan ziyod xonadon uzluksiz toza energiya bilan ta’minlanadi.
Bu iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham $4 mlrdlik qo‘shilgan qiymat yaratishga turtki beradi. Kelgusi yili 2016-yilga nisbatan 25 mlrd kVt/soatga yoki 1,5 barobar ko‘p — jami 84 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
O‘tgan 5 yilda energetika sohasiga qariyb $20 mlrd to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Tizimda 24ta mustaqil energiya ishlab chiqaruvchi paydo bo‘ldi.
Yashil energetikada bugunga kelib 3,5 ming MVtli yoki 10 mlrd kVt/soatga teng 16ta yirik quyosh va shamol elektr quvvatlari ishga tushirildi. Buning hisobiga 2024-yilda “yashil” energiya ulushi 16%dan oshirildi.
Kelgusi 5 yilda mamlakatda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj hozirgidan 1,5 barobar oshib, 120 mlrd kVt/soatga yetadi.
2030-yilgacha yana 19 ming MVt “yashil” quvvatlarni barpo etib, qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54%ga yetkazish rejalashtirilgan. Xususan, 2025-yilda 3,4 ming MVtli 18ta quyosh va shamol stansiyalari hamda 1,8 ming MVtli saqlash tizimlari ishga tushiriladi.
Kelgusi yili “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmlari 12 mlrd kVt/soatga yetadi. Natijada, 5 mln xonadonni bir yillik iste’mol bilan ta’minlanadi va 6,5 mln tonna zararli gazlarni atmosferaga chiqarishning oldi olinadi.
Shuningdek, keyingi 2 yilda xususiy tadbirkorlar bilan birga 2 mingdan ortiq kichik va mikro-GESlar tashkil qilish bo‘yicha katta dastur amalga oshiriladi.
Avvalroq Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston energiya tizimiga ta’sir qilmagan holda Yevropaga “yashil” elektr energiyasi eksport qilishini qayd etgandi.