Bir haftada tovar-xom ashyo birjasida (O‘zRTXB) AI-80 benzinini sotish hajmi to‘rt baravarga oshdi. Bu haqda savdo maydonchasi ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.
13-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan savdolar yakuniga ko‘ra, AI-80 benzinining birja narxi bir tonnasi uchun 9,32 mln so‘mni tashkil etib, kun davomida 0,4%ga arzonlashgan. Realizatsiya qilingan yoqilg‘i hajmi 7,94 ming tonnaga yetdi — bu 5-dekabrdagiga nisbatan 3,68 baravar ko‘pdir. Bir kun avval birjada benzin savdosi 8,11 ming tonnadan oshgandi.
O‘tgan hafta oxiridan AI-80 benzini sotuvi hajmi tez sur’atlarda o‘sishni boshladi. 6-dekabr kuni birjada 4,18 ming tonna, 10-dekabrda esa 4,22 ming tonna benzin sotilgan. Biroq, yoqilg‘i taklifi oshganiga qaramay, benzin narxi deyarli o‘zgarmadi.
O‘z navbatida, Energetika vazirligi va “O‘zbekneftgaz” AI-92 benzinining kunlik taklifi 4 ming tonnaga yetkazilgani haqida xabar berdi.
Shunga qaramay, juma kuni savdolarda bor-yo‘g‘i 321 tonna yoqilg‘i sotilgan. Energetika vazirligi matbuot xizmati birjaga 4 ming tonna AI-92 benzini chiqarilayotganini “Spot"ga tasdiqladi.
9-dekabr kuni vazirlik metan “zapravka"lar (AGTKShlar) faoliyatiga vaqtinchalik qisqa muddatli cheklov kiritilishini ma’lum qildi. Havo haroratining keskin pasayishi bilan gaz iste’moli keskin oshdi va quvurlardagi bosim pasaydi.
Bundan tashqari, haydovchilarni qo‘shimcha yoqilg‘i bilan ta’minlash uchun tovar-xom ashyo birjasi savdolariga chiqariladigan benzin hajmi vatqinchalik ikki baravarga oshirildi. Energetika vazirligi talab va taklifdan kelib chiqib, taklif hajmini qo‘shimcha oshirish mumkinligini ta’kidladi.
Noyabr oyida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi AI-80 benzini (13-noyabrdan) va propan (6-noyabrdan) narxlarining o‘sishiga cheklov kiritdi. Yoqilg‘i narxining yuqori chegarasi sotuvchining boshlang‘ich narxiga nisbatan 5%, suyultirilgan gaz uchun esa 20 foiz etib belgilangan. Joriy cheklovni hisobga olgan holda, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi (NQIZ) tomonidan ishlab chiqarilgan benzinning bir tonnasi uchun maksimal narx 9 377 555,25 so‘mni tashkil etadi.
Avvalroq “Spot” propanning birjadagi narxi bir kunda deyarli 7%ga pasayib, bir tonnasi uchun 6,9 mln so‘mdan tushgani haqida yozgandi.