2002-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Hojiakbar Muminov Yunusobod tumanidagi 43-sonli umumta’lim maktabida tahsil olgan. So‘ngra, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetiga o‘qishga kirdi. Hozirda Amerikaning “Sinclair Community College” ta’lim muassasasida raqamli marketing yo‘nalishida o‘qishini davom ettirmoqda.
Hojiakbarning marketing sohasiga kirib kelishi karantin davriga to‘g‘ri keladi. O‘sha paytda uning tengdoshlari ijtimoiy tarmoqlar orqali daromad topayotganini ko‘rib, unda sohani o‘rganishga qiziqish uyg‘onadi. Ammo bu jarayon Hojiakbar o‘ylagandek oson kechmaydi va u marketingning sir-asrorlarini chuqur o‘rganishga qaror qiladi.
Barchasi karantinda boshlandi
Raqamli marketingga karantin paytida qiziqib qoldim. Avvallari, marketingga umumiy qiziqishim bo‘lsa-da, raqamli marketing haqida aniq bir tushunchaga ega bo‘lmaganman.
2020-yilda karantin boshlanib, hayot butunlay onlaynga o‘tib ketgan paytlarda tengdoshlarimning ijtimoiy tarmoqlar orqali yaxshigina daromad olayotganini ko‘rib, men ham bu sohani o‘rganishga qaror qildim. Ayniqsa, SMM bizda endi rivojlana boshlagandi.
Tengdoshlarimning videolar tayyorlashlari, kreativ kontent yaratib undan daromad topishlari meni hayratga soldi. “Qani endi men ham o‘rgansam”, — derdim ichimda. Karantin paytida mablag‘ to‘plab, bu bo‘yicha ikki-uch mutaxassisning kurslarini sotib oldim — o‘shanda kurs narxi taxminan $200−300 atrofida edi.
Birinchi tajriba va qiyinchiliklar. Raqamli marketingdagi ilk faoliyatim davomida muammolarga duch keldim. Birinchi loyihadan $100 daromad topdim. O‘shanda bu sohaga oddiy daromad manbai sifatida qaragandim. Mijozlar SMM-xizmatidan natija kutib, sarmoyalarining qanchalik foyda keltirishiga ahamiyat berishadi. Birinchi navbatda, mijozlarning ehtiyojlarini to‘g‘ri tushunmaslik katta muammolarni keltirib chiqardi. Masalan, faoliyatimizni endi boshlaganimizda SMM-xizmati mijozga haqiqatan kerakmi yoki yo‘q, u bu xizmatdan foydalanish orqali nimani maqsad qilayotgani va marketingdan qanday natijalarni kutayotgani haqida yetarli bilim hamda tajribaga ega bo‘lmaganmiz. Shu bois, ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘ydik.
Biroq, tajriba orttirgan sari mijozlarning muammolarini tahlil qilish, ularga mos strategiyalar ishlab chiqish va samarali kommunikatsiya o‘rnatish ko‘nikmasiga ega bo‘lib bordik. Xaridor bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish va ularning biznes ehtiyojlarini aniq tushunish marketingdagi muvaffaqiyatning asosiy omili ekanligini angladim.
Men bu sohada tezda muvaffaqiyatga erishaman, deb o‘ylagandim. Oradan ikki-uch oy o‘tgach, kutilgan natijalar bo‘lmaganidan xafa bo‘ldim. Lekin bundan xulosa chiqargandim: har qanday sohada muvaffaqiyat uchun — tajriba va o‘z ustida ishlash zarur.
Bir yillik sabr va tajribadan so‘ng ishimda natijalar paydo bo‘ldi — portfoliom shakllanib, katta kompaniyalar va mashhur shaxslar bilan ishlashni boshladim. Bugungi kungacha 30−35dan ortiq loyihalar ustida ishlab, yuzdan ziyod kishilarga shu sohada master-klasslar o‘tdim va 30dan ortiq shogird yetishtirdim.
Amerika: agar harakat qilmasangiz, muhit sizni “yutib yuboradi”
2019-yilda Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetiga o‘qishga kirdim. Talabalarga ta’til davrida chet elda ishlash va sayohat qilish imkonini beruvchi “Work and Travel” dasturi haqida eshitgandim. Bu dasturga qiziqib, birinchi kursda unga hujjat topshirdim.
Afsuski, 2019−2020-yillardagi pandemiya tufayli karantin cheklovlari kiritildi. Ro‘yxatdan o‘tish jarayonlarini yakunlagan vaqtimda elchixonalar yopilib, dastur amalga oshmadi. Shundan so‘ng, yana hujjat topshirish har yili orqaga surilib bordi. Sababi, O‘zbekistondagi ishlarim tobora rivojlanib, Amerikaga ketishga bo‘lgan qiziqishim sezilarli darajada kamaydi.
Uchinchi kursda esa tasodifan dastur haqida eslab, qayta hujjat topshirishga qaror qildim. Hujjatlarim qabul qilinib, 2022-yilda “Work and Travel” dasturi orqali Amerika tomon yo‘l oldim. Bu jarayon kutganimdan ham tez bo‘ldi.
Amerikaga birinchi kelganimda qiyinchilik ko‘rdim, deb aytolmayman. Dastlabki, uch kun Nyu-Yorkning Manhetten hududida bo‘lib, kinolarida tasvirlangan “American dream"ni o‘zim his qilgandek bo‘ldim. O‘sha damda: “Mana, men orzu qilgan va rivojlanmoqchi bo‘lgan mamlakat”, deb o‘ylagandim.
Biroq, ishimiz sababli boshqa shtatga ko‘chib o‘tganimizdan keyin Amerikani chuqurroq o‘rganib, yangi sharoitga moslashgach: “Amerika shumi?”, — degan savol paydo bo‘ldi. Baland binolar va ko‘rinishi ajoyib korporatsiyalar ortidagi yashirin hayotni tushuna boshladim. Bu yerda 60−70% yoki undan ham ko‘proq oddiy aholi yashaydi: o‘qiydi, ishlaydi va hayot kechiradi. Agar bu yerda harakat qilmasangiz, muhit sizni “yutib yuboradi”.
Amerikaga viza olish tartibi va “Work and Travel” dasturi haqida
“Work and Travel” — bu universitetlarning birinchi, ikkinchi va uchinchi bosqich talabalariga mo‘ljallangan yozgi almashinuv dasturi bo‘lib, talabalarga ta’til vaqtida chet elda ishlab, sayohat qilish imkonini beradi.
Dastur AQShda faqat oliy ta’limning kunduzgi bo‘limi talabalari uchun 4 oy davom etadi (20-maydan 20-sentabrgacha). Talabalar dastlab 3 oy davomida ishlab, so‘nggi bir oyda to‘liq sayohat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Mazkur dastur talabalarning tajribasini oshirish, til bilimi va madaniyatlararo ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. “Work and Travel” haqidagi batafsil maʼlumot Davlat departamentining almashinuv dasturlari veb-saytida mavjud bo‘lib, qanday hujjatlar talab qilinishi va xarajatlar haqida maqola orqali tanishish mumkin.
O‘qishga kelish. “Work and Travel” dasturidan so‘ng Amerikada o‘qishga bo‘lgan qiziqishim paydo bo‘ldi. Ishlab yurgan vaqtimda universitetlar haqida ma’lumot yig‘ishni boshladim. Dastlab til kurslariga qatnashib, ingliz tilimni yanada rivojlantirdim. Turli kollej va universitetlarni o‘rganib, surishtirib, maqsadlarimga mosligini tahlil qildim va “Sinclair Community College"ga topshirishga qaror qildim.
Mening holatimda ushbu kollejga kirish uchun ingliz tilini bilish darajamni aniqlash hamda matematikadan imtihon topshirish talab qilindi. Hujjatlardan esa avvalgi o‘qishimdagi baholarni ko‘rsatuvchi transkript kerak bo‘ldi, chunki o‘sha vaqtda universitetdagi o‘qishim davom etayotgan edi. Bundan tashqari, bank hisob raqamimda ma’lum miqdorda mablag‘ mavjudligini tasdiqlash zarur edi.
Amerikaga viza olish tartibi. Amerikaga viza olish jarayoni juda xilma-xil bo‘lib, bu siz tanlagan viza turiga bog‘liq. Asosiy viza turlariga talabalar, sayohat va biznes vizasi kiradi. Dastlab, qaysi turdagi viza orqali borishni aniqlab olishish zarur, chunki har bir yo‘nalish uchun turli hujjatlar talab etiladi.
Misol uchun, “Work and Travel” dasturi orqali viza olish uchun maxsus: DS-160 shakli, o‘qish joyidan ma’lumotnoma va nima sababdan ketayotganlik haqida hujjatlar bo‘lishi shart. Ushbu dastur orqali Amerikaga ketganimda, viza olish jarayonida hech qanday muammolar duch kelmaganman.
Viza olish jarayonida intervyu o‘tkazilib, unda asosan quyidagi kabi savollar beriladi:
- Amerikaga nima maqsadda bormoqchisiz?
- Qaysi manzilga borasiz?
- Qancha muddat qolmoqchisiz?
- Qaytib kelgandan so‘ng nima shug‘ullanmoqchisiz?
Suhbatda maqsadni aniq tushuntirib, Amerika hududida qolib ketmaslikni isbotlash, “qaytib kelmayman” yoki “ishlab qolaman” kabi javoblardan iloji boricha qochish kerak.
“KHM.app” — AQShdagi o‘zbeklar uchun innovatsion platforma
Sherigim MuhammadYusuf Abdurahimov bilan talabalik davrida “KHM.app” loyihasini ishlab chiqdik. Startapni yaratishdan asosiy maqsadimiz — AQShdagi o‘zbek yurtdoshlarimiz, butun MDH davlatlaridan kelgan muhojirlar uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanib, onlayn-savdo platformasini tashkil etish bo‘lgan.
Foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida “KHM.app” platformasi uch tilda — o‘zbek, rus va ingliz tillarida ishlab chiqilgan. Platforma yaratilgandan keyin, yarim yil ichida sezilarli natijaga erishilgandan so‘ng “KHM GROUP INC” kompaniyasini rasmiy ravishda ro‘yxatdan o‘tkazishga qaror qildik.
“KHM.app” platformasini “OLX"ning AQShdagi analogi sifatida yaratdik. Unda yurtdoshlarimiz o‘zlari uchun qulay bo‘lgan mahsulot va xizmatlarni xarid qilishi yoki sotishi mumkin.
Bundan tashqari, AQShdagi o‘zbek aholisining soni ortib borayotganini hisobga olsak, bunday platformalarga talab tobora oshib borayotganini kuzatish mumkin. Hozirda loyihaga AQShdagi va O‘zbekistondagi investorlar tomonidan qiziqish bildirilmoqda. Ularning moliyaviy sarmoyalari yordamida platformani yanada kengaytirish va yangi funksiyalarni qo‘shish ustida ishlayapmiz.
Amerikadagi o‘rtacha xarajatlar
Ko‘pchilik Amerikada katta daromad topish mumkin, deb hisoblaydi. Lekin tanganing ikkinchi tomoni ham bor: xarajatlar miqdori yashash joyi, turmush tarzi hamda tanlagan yo‘nalishga bog‘liq.
Asosiy xarajatlar. Ijara haqi yashash joyi va sharoitlariga qarab o‘zgaradi. Agar bir necha kishi birgalikda yashasa, xarajatlar nisbatan kamroq bo‘ladi. Ijaraning o‘rtacha narxlari: $1000dan $3000-$4000gacha. Oziq-ovqat uchun o‘rtacha $500-$1000 atrofida, kichik kafe yoki ovqatlanish joylariga bir kunda $20-$40 xarajat qilinadi.
Transport xarajatlari: jamoat transportidan foydalanish yoki avtomobil xarid qilish/ijaraga olish tanloviga bog‘liq. Shaxsiy avtomobilda harakatlanganda avtomobilga yonilg‘i, sug‘urta va ta’mirlash xarajatlari qo‘shiladi.
Madaniy hordiq, ko‘ngilochar bog‘larning narxi boradigan joyga bog‘liq. Masalan, Floridadagi mashhur “Disneyland"ga tashrif narxi: $150-$200.
Soliqlar. Amerikada topilgan daromaddan soliq olinadi. Daromad solig‘i har oy yoki yil yakunida to‘lanib, narxlar shtatga qarab farq qiladi. Kaliforniya kabi shtatlarda soliq miqdori boshqalariga nisbatan yuqori.
Amerikada ta’lim tizimi
Amerikada o‘qishga jiddiy yondashishadi. Bu yerda o‘qituvchilar sizga vazifa berganda, boshqaruv yoki rahbarlik qilmaydi, balki o‘zingizni o‘rganishingizni kutishadi. Agar darsda yaxshi o‘qimasangiz, keyinchalik bu imtihonlardagi natijalaringizga ta’sir qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, sizning “CV"ingizga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Amerikada ta’lim tizimi nazariya qo‘shilgan amaliyotni o‘z ichiga oladi. O‘qituvchilar beradigan bilimlar esa faqatgina 10−20-yil oldingi ma’lumotlar bilan cheklanib qolmay, zamonaviy bilimlar asosida olib boriladi. O‘qish jarayonida, shuningdek, master-klasslar, tadbirlar va turli loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari ham mavjud.
Bu yerda o‘qituvchilar tajribalari bilan talabalarga katta ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, bizning o‘qituvchimiz 22 yillik tajribaga ega bo‘lgan mutaxassis bo‘lib, ilgari “Ford” kompaniyasida ishlagan. Yana bir o‘qituvchimiz 35 yillik tajribaga ega.
Agar o‘qituvchi fikriga qo‘shilmasangiz, buni bemalol aytib, o‘z fikringizni bildirishingiz mumkin. U bu fikrlarni to‘g‘ri qabul qilib, keyingi darsda sizga tushuntirib beradi. Shuningdek, agar biror narsani tushunmasangiz, yordam so‘rashingiz va uni alohida tushuntirishni so‘rash imkoniyatiga egasiz. Bu yerda talabalar va o‘qituvchilar o‘rtasida erkin muloqot va fikr almashish imkoniyatlari mavjud.
Men “Sinclair Community College"da to‘liq kontrakt asosida o‘qiyman. Dastlab, Amerikaning boshqa universitetlarga ham hujjatlar topshirgan edim va ular shartnomaning ma’lum foizini qoplaydigan grant ajratishgandi. Biroq, barcha variantlarni tahlil qilib, aynan shu yerda o‘qishni tanladim. Hozirda shartnoma qiymati yillik $10-$15 ming atrofida bo‘lib, buning ichiga zarur darsliklar ham kiradi.
O‘qishdan tashqari ishlash mumkinmi?
Amerikada xalqaro talabalarga ishlash bo‘yicha qat’iy cheklovlar mavjud. Haftasiga 20 soatgacha faqat universitetning kampusi ichida ishlashga ruxsat beriladi. Talabalar kutubxona, talabalarga yordam ko‘rsatadigan xizmatlar va shunga o‘xshash lavozimlarda ishlashlari mumkin. Tashqarida ishlash esa o‘qishni tugatgunga qadar taqiqlangan.
O‘qishni tugatgach, xalqaro talabalar OPT (Optional Practical Training) dasturidan foydalanib, tajriba orttirish maqsadida bir yil yoki uch yilgacha kompaniyalarda ishlash imkoniga ega bo‘ladilar.
Hozir mening asosiy e’tiborim o‘qishga qaratilgan. O‘qishdan tashqari AQShdagi o‘zbekistonlik, amerikaliklar menga raqamli marketing va targeting bo‘yicha murojaat qilishadi. Ularning biznesini rivojlantirish, daromadlarini oshirish va yangi bosqichga olib chiqishga yordam berishni maqsad qilganman.
Amerikaga kelib bir narsani aniq tushundim: kasb va sohaning turi muhim emas, asosiy narsa — sohangizda haqiqiy mutaxassis bo‘lishdir. Agar o‘z sohangizni chuqur bilib, katta tajribaga ega bo‘lsangiz, juda yuqori daromad olish imkoniga ega bo‘lasiz. Hatto oddiy kasb egasi, masalan, quruvchi yoki usta bo‘lib ham o‘z ishini mukammal bajargan kishi bir necha ming dollargacha daromad topishi mumkin.
Eng muhim 3 ta tavsiya. Birinchisi, bir sohaga diqqatni jamlab, shu yo‘nalishda professional bo‘lishdir. Odamlar qaysi sohada katta pul borligini ko‘rsa, oson pul topish uchun o‘zlarini shu sohaga urishmoqda. Aslida, har bir soha bo‘yicha muvaffaqiyatga erishish uchun vaqt va mehnat talab etiladi.
Ikkinchi tavsiya — ko‘proq tajriba orttirish, portfolio yig‘ish va bu orqali shaxsiy malakani oshirishdir. Darhol pul topishga shoshilish kerak emas. Tajriba orttirib, turli loyihalarda ishlash orqali ko‘nikma va ishingizga bo‘lgan talab oshadi. Tajribangizga yarasha, katta kompaniyalar sizga murojaat qilib, katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
Uchinchisi — o‘z yo‘nalishda rivojlanishda davom etish, hech qachon o‘rganishdan to‘xtamaslik. Qaysi darajaga chiqqan bo‘lsangiz ham, o‘zingizni doimiy ravishda takomillashtirib, yangi bilimlarni o‘zlashtirishga harakat qiling. Yangi trendlarni o‘rganish va o‘z ustingizda ishlash orqali siz doim boshqalardan ajralib turasiz.