Tovar-xomashyo birjasida (O‘zRTXB) propan narxi kun davomida qariyb 7%ga arzonlashgan. Bu “Spot” o‘rgangan savdo maydonchasi ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

13-dekabr kuni suyultirilgan gaz narxi 6,8%ga pasayib, bir tonnasi uchun 6,86 mln so‘mga tushdi. Shu bilan birga, propan savdosi hajmi 13,1%ga — 1044 tonnadan 908 tonnagacha kamaydi. Dekabr oyi boshida “Uzbekistan GTL” zavodi ta’mirlash uchun yopilgandi, bu esa bozorda taklifning pasayishiga olib kelishi mumkin edi.

Dekabr oyi boshidan beri propan 11%dan ko‘proqqa, so‘nggi 1,5 oy ichida esa 32%ga arzonlashdi. 5-noyabr kuni bir tonna suyultirilgan gaz narxi AI-80 benzinini ortda qoldirib, 10 mln so‘mdan oshdi.

Shundan so‘ng Raqobat qo‘mitasi suyultirilgan gaz narxlarining sotuvchining boshlang‘ich narxiga nisbatan 20% miqdorida o‘sishiga cheklov (spred) kiritdi.

Bir tonna AI-80 benzinining narxi sezilarli o‘zgargani yo‘q — 9,32 mln so‘m. Narx qo‘mita tomonidan 13-noyabrdan belgilangan narxlarning yuqori chegarasiga yaqinligicha qolmoqda. Payshanba kuni yoqilg‘i savdosi rekord darajaga yetib, hajmi 8,11 ming tonnadan oshdi, bu 5-dekabrda sotilgan hajmdan 3,76 baravar ko‘pdir. Kechagi savdolarda benzin savdosi biroz pasaydi.

9-dekabr kuni Energetika vazirligi metan “zapravka"lar (AGTKShlar) faoliyatiga vaqtinchalik qisqa muddatli cheklov kiritilishini ma’lum qildi. Havo haroratining keskin pasayishi bilan gaz iste’moli keskin oshdi va quvurlardagi bosim pasaydi.

Bundan tashqari, haydovchilarni qo‘shimcha yoqilg‘i bilan ta’minlash uchun tovar-xom ashyo birjasi savdolariga chiqariladigan benzin hajmi vatqinchalik ikki baravarga oshirildi. Energetika vazirligi talab va taklifdan kelib chiqib, taklif hajmini qo‘shimcha oshirish mumkinligini ta’kidladi.

Avvalroq “Spot” bir haftada AI-80 benzinini birjada sotish hajmi 3,3 barobarga oshgani haqida xabar bergandi.