Afg‘onistonnning “Da Afghanistan Breshna Shirkat” kompaniyasi yakshanba kuni O‘zbekiston va Turkmanistondan elektr energiyasi importiga xalaqit berayotgan texnik muammolar hal etilganini e’lon qildi. Bu haqda “Amy TV” nashri xabar berdi.
Kuchli shamol tufayli yuzaga kelgan uzilishlar ikki qo‘shni davlatdan elektr energiyasi importini vaqtincha to‘xtatib, bir nechta viloyatlar elektr ta’minotisiz qolgan.
Qayd etilishicha, texnik muammolar hal etilishi mamlakatda zarar ko‘rgan viloyatlarda normal elektr ta’minotini tiklash imkon bergan.
Kompaniya bayonotida aytilishicha, Balx, Samangan, Parvon, Panjshir, Kapisa, Kobul, Nangarhor, Lagman, Paktiya, Logar, Xost, Maydan Vardak, G‘azni va Bag‘lon elektr energiyasi oddiy rejimda yetkazib beriladigan viloyatlarga kiradi.
Joriy yil fevral oyida Afg‘oniston O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha ikki yillik qarzdorlikni to‘lagani haqida xabar berilgandi. Xususan, mamlakat Eron, Tojikiston, Turkmaniston hamda O‘zbekistonga $627 mlnlik qarzdorlikni to‘lagan.
O‘zbekiston kompaniyasi Afg‘onistonning energetika sohasiga qariyb $1 mlrd investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Oktabr oyida tomonlar 10 yilga shartnoma tuzdilar. Dastlabki ikki yilda investor qazib olingan gazdan 100 MVt elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
2023-yilning dekabrida O‘zbekiston va Afg‘oniston elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni bir yilga uzaytirgandi. Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston Energetika vazirligidan sohadagi infratuzilma muammolarini hal etish va elektr energiyasi yetkazib berish hajmini oshirishni so‘radi.