“Apple” yig‘ma planshet yaratish bilan shug‘ullanmoqda va uni 2028-yilda chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniyadagi manbalariga tayanib “Bloomberg” xabar bermoqda.

Nashrning qayd etishicha, qurilma “iPad Pro” o‘lchamigacha ikki buklanadigan ulkan “iPad"ga o‘xshash bo‘ladi. Qurilmaning diagonali 20 dyuym atrofida bo‘lishi mumkin va planshetning o‘zi “yaxlit shisha bo‘lagi"ga o‘xshaydi.

Yangi mahsulot iPadOS va Mac elementlarini o‘z ichiga olgan operatsion tizimga ega bo‘ladi.

Hozirgi prototipda ekrandagi burma deyarli sezilmaydi, biroq kompaniya undan butunlay qutulishni maqsad qilgan.

Ilgari “Samsung” ham o‘z qurilmalarida burmani yo‘qotishni rejalashtirgan edi, ammo birinchi bukladigan smartfon chiqarilganidan buyon o‘tgan besh yil ichida bunga erishib bo‘lmadi.

Avvalroq “Apple” buklanadigan qurilmalar ustida ishlashni kuchaytirayotgani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, kompaniya 2025-yil oxirida 20,3 dyumli qurilmani, 2026-yilda esa buklama iPhone chiqarishi mumkin.

Endi esa, “Bloomberg” manbasiga ko‘ra, kompaniya bir mahsulotga e’tibor qaratishga va uni bir necha yildan keyin chiqarishga qaror qildi.


Avvalroq “Spot” “Samsung” yig‘ma akkumulyatorlar uchun patent olgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, patent kompaniyaning ekrani uch marta buklanadigan telefonini ishlab chiqarish rejalarini tasdiqlashi mumkin.