O‘zbekistonda mahalla bankirlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda 16-dekabr kuni prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Davlat rahbari banklarni o‘ylantirayotgan qator masalalar borligini ta’kidlab, ularning yechimiga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi.

Xususan, banklar balansidagi 3 mingta harakatsiz mulkdan tezroq qutilsa, qo‘shimcha resurs va 150 mingta ish o‘rni yaratish uchun zaxira paydo bo‘ladi. Banklarga ularni bozor qiymatida to‘g‘ridan to‘g‘ri sotishga ruxsat berilishi belgilandi.

Shuningdek, banklar bu mulklarni daromadli biznesga aylantirib, tayyor holda investorga sotadigan tizim yaratiladi.

Kredit qarzi hisobidan garovni sud orqali undirish jarayonining tezkorligini oshirish dolzarb masala ekanligi qayd etildi.

Bank huquqlari ustuvorligini ta’minlash, undiruvga qaratilgan mulklarni tezroq sotish, sud orqali undiruv muddati, ortiqcha kelishuv hujjatlari va sud xarajatlarini keskin qisqartirish, garov bilan ta’minlangan qarzlarni sudgacha undirish amaliyotini qo‘llash bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.

Ularni har tomonlama ko‘rib chiqib, qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish muhimligi ta’kidlandi. Mulklarni majburiy undirish jarayonini takomillashtirish maqsadida manfaatdor tomonlar o‘rtasida onlayn axborot almashishni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.

Endi banklar mahallalarda 4ta tajribani kengaytirib, odamlar daromadini oshirish bo‘yicha birgalikda ishlaydigan tizim bo‘ladi.

Tuman banklari mijozbay ishlab, tadbirkorlar loyihalariga ko‘maklashadi va muammolarini joyida hal etadi. Tuman hokimlari esa loyihani joy va infratuzilma bilan ta’minlash majburiyatini oladi.

Tumanlarda mahalla bankirlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Mahalla bankirlari mahallaning biznes imkoniyatlarini o‘rganadi, odamlar bilan gaplashib, ularning g‘oyalarini loyihalarga aylantiradi. Aholini kredit olish, qaytarish, biznes ochish, mahsulotini sotishga o‘rgatadi, loyihalarga hamrohlik qiladi.

Jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyat sharoitida mamlakat moliya-bank tizimining barcha darajalarida moliyaviy intizom va shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.