Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tadbirkorlardan sovuq kunlarda elektr energiyasini tejashni so‘ramoqda. Bu haqda inspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.

Inspeksiya tomonidan hududlarda iste’molchilarning elektr energiyasidan samarali va oqilona foydalanishlarini ta’minlash maqsadida kechki profilaktika tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Bu iste’molchilarning resurslardan tejamkorlik bilan foydalanishlariga hamda tarmoqlarda yuklamalar ortib ketishining oldini olishga qaratilgan. Bundan tashqari, nazorat tadbirlari barcha iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.

“O‘zenergoinspeksiya” ob-havo haroratining pasayishi natijasida elektr energiyasidan foydalanishga bo‘lgan ehtiyoj ortganini ta’kidlab, tadbirkorlardan elektrdan imkon qadar tejamkorlik bilan foydalanishlarini, zarurat bo‘lmagan hollarda elektr qurilmalarini tarmoqdan ajratib qo‘yishlarini so‘ramoqda.

Dekabr oyi boshida Toshkentda energiya resurslaridan nooqilona foydalanishga qarshi reydlar o‘tkazila boshlandi. Kunduz kuni elektr energiyasidan asossiz foydalangan tadbirkorlarga isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ogohlantirishlar berildi. Ikki kunda poytaxtda jami 264ta bu kabi holat aniqlangan.

Joriy yilning avgust oyida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan energiya tejash sohasidagi qoidabuzarliklar uchun javobgarlik belgilangan. Elektr yoritgichlarni me’yoridan ortiq, ishlab chiqarish zaruriyatisiz, kunning yorug‘ davrida maqsadsiz foydalanish uchun jarima miqdori elektr narxining 50%ini tashkil etadi.

Bundan tashqari, 30 mingga yaqin holatda elektr energiyasini behuda sarflashning oldi olindi. Qariyb 3 ming nafarga yaqin mansabdor shaxsga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun sudga jo‘natildi.

Avvalroq “O‘zenergoinspeksiya” neft mahsulotlarini yetkazib berish va ularning sotuvga chiqarilishi yuzasidan AYQSHlarda nazorat tadbirlari o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.