Rossiyaning yana uchta kompaniyasi o‘zbekistonliklarni ishga jalb qilmoqchi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlik Rossiyaning “Profrezerv”, “Legalons” hamda “Rencons Heavy Industries” yirik ish beruvchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqotda “Profrezerv” kompaniyalar guruhining Krasnoyarskdagi qurilish obyektlarida 2 500 nafar ishchiga talab borligi aytildi. Hozirda kompaniyada 800 nafardan ortiq o‘zbekistonlik faoliyat olib bormoqda.

200 nafardan ortiq o‘zbekistonlik ishlayotgan “Legalons” autsorsing kompaniyasi bilan yana 600 nafar fuqaroni ish bilan ta’minlashga kelishildi. Fuqarolar 2025-yil boshida omborxona, qadoqlash, yetkazib berish va savdo-sotiq kabi malaka talab qilmaydigan yo‘nalishlardagi ishlarga jalb qilinadi.

“Rencons Heavy Industries” vakilining qayd etishida bu kompaniyada 3 567 nafar O‘zbekiston fuqarosi mehnat qiladi. Kompaniya qurilish sohasiga yana 2 500 nafar mutaxassisga ehtiyoj borligini bildirdi.

Shuningdek, uchrashuvda har bir ish beruvchi o‘zlaridagi ish o‘rinlari, yashash va ishlash sharoitlarini taqdimotini o‘tkazdi. Taklif etilayotgan ish o‘rinlarida faoliyat olib borish istagini bildirganlarni belgilangan talablar asosida tayyorlash va uzoq muddatli hamkorlik loyihalarini tuzishga kelishildi.

Avvalroq Rossiya kompaniyalari 1750 nafar o‘zbekistonlikni ishga jalb qilishi haqida xabar berilgandi. “StroyPromTorg” va “Stroy Aktiv” kompaniyalari jami 900 nafar, kemasozlik kompaniyasi esa 850 nafar fuqaroni ish bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda.