Vazirlar Mahkamasi Yagona milliy turizm platformasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi. Qaror Lex.uz saytida e’lon qilindi.

Platformada mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun barcha turdagi xizmatlarni birlashtirish rejalashtirilgan. Bunga quyidagilar kiradi:

  • joylashtirish vositalarini onlayn bron qilish;
  • avtotransportni ijaraga olish, taksiga buyurtma berish;
  • avtobuslar, samolyotlar va poyezdlarga chiptalar sotib olish;
  • muzeylar va diqqatga sazovor joylarga kirish chiptalarini sotib olish;
  • gid-tarjimonlar, ekskursiya yetakchilari, turoperatorlar va turagentlar xizmatlari;
  • milliy va xalqaro to‘lov tizimlari orqali to‘lovni amalga oshirish.

Platformani 2025-yil 1-sentabrdan sinov tartibida ishga tushirish rejalashtirilmoqda. O‘sha yilning 1-dekabriga qadar u to‘liq ish holatiga o‘tishi kerak.

Turizm qo‘mitasi platformani yaratish va uni boshqarish bo‘yicha ishlarning buyurtmachisi operatorni tanlash uchun mas’ul hisoblanadi.

Qayd etilishicha, platfromani yaratish bo‘yicha ishlar Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Platformadagi ma’lumotlar 14ta xorijiy tilda mavjud bo‘ladi. Tizim “Uztrans” tizimi, shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Uzbekistan Airways” va boshqa tashuvchilarning chipta sotib olish tizimlari bilan integratsiya qilinadi.

Iyul oyida prezident avia, temir yo‘l va avtobus qatnovlari bo‘yicha yagona axborot platformasini yaratish va chiptalarni jo‘natish sanasidan 6 oy oldin sotib olish bo‘yicha topshiriq bergandi. Uni 1-dekabrga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan edi.


Avvalroq “Spot” Qashqadaryoda G‘elon turistik-rekreatsion zonasi tashkil etilishi haqida yozgandi.

Loyiha qiymati $300 mlnni tashkil etib, birinchi bosqich doirasida 2027-yilgacha $100 mln investitsiya kiritiladi.