“Uzbekistan Airways” qishki ta’til munosabati bilan qo‘shimcha aviaqatnovlar joriy etmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Aviakompaniya 23-dekabrdan 2025-yilning 7-yanvarigacha quyidagi yo‘nalishlarda qo‘shimcha 27ta aviaqatnovni amalga oshiradi:

  • Toshkent-Nukus-Toshkent;
  • Toshkent-Urganch-Toshkent;
  • Toshkent-Buxoro-Toshkent;
  • Toshkent-Termiz-Toshkent.

Parvozlar jadvali bilan aviakompaniyaning rasmiy saytida tanishish va aviachiptalarni onlayn xarid qilish mumkin.

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi ham talabalar uchun 50%gacha chegirma e’lon qildi. “Silk Avia” ham “Omad Plus”, “Omad” hamda “Oson Plus” tariflari uchun 50% miqdorida chegirma taqdim etmoqda.

Chegirmalar joriy yilning 23-dekabridan boshlab, kelasi yilning 7-yanvarigacha bo‘lgan aviaqatnovlar uchun amal qiladi. Undan o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari talabalari mahalliy yo‘nalishlardagi parvozlarda foydalanishlari mumkin.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston temir yo‘llari"ning barcha mahalliy yo‘nalishdagi qatnovlariga ham chegirmalar mavjud. Arzonlashtirilgan narxlar 23-dekabrdan 10-yanvargacha amal qiladi. Biroq, chegirmalar SV/VIP klass vagonlariga va yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdiga taqdim etilmaydi.

Talabalarga chipta sotib olish uchun sayyor kassalar tashkil etildi. Toshkentdagi ikkita OTM binosida temir yo‘l hamda avtobus uchun chiptalarni sotib olish mumkin.

Joriy o‘quv yili uchun beriladigan qishki ta’til joriy yilning 25-dekabridan 2025-yilning 7-yanvariga qadar etib belgilangan. Bu OTMi talabalari, texnikum, kollej, kasb-hunar maktabi va akademik litseylar o‘quvchilari uchun amal qiladi.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi “Uzbekistan Airways” va “Silk Avia"ni ustun mavqega ega deb topgani haqida xabar berilgandi.