Yuqorichirchiq tumanida 649 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan issiqxona aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘zenergoinspeksiya” Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi, “Hududgazta'minot” AJ va viloyat prokuraturasi hamkorligida nazorat tadbiri o‘tkazilgan.

Unda Yuqorichirchiq tumanining “Farovon” MFYda joylashgan xonadonda 70 sotixlik hududda 2ta issiqxonaning gaz jihozlari hech qanday loyiha hujjatlarisiz tabiy gazdan noqonuniy foydalanib kelinayotgani aniqlandi.

Xonadondagi elektron gaz hisoblash uskunasi tekshirilganda mazkur hisoblagich ro‘yxatdan o‘tkazilmagani va ta’minot korxonasi bilan tegishli shartnoma tuzilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra davlat manfaatlariga 649 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.


Avvalroq “Spot” ikkita hududda 1,5 mlrd so‘mdan ortiq elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, Toshkent viloyatidagi xususiy MTM binosi va Samarqanddagi fermer xo‘jaligi umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz va elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgani aniqlangan.