Iqtisodiyot va moliya vaziriga yangi o‘rinbosarlar, Pensiya jamg‘armasi va G‘aznachilik xizmatiga rahbarlar tayinlandi

Iqtisodiyot va moliya vazirligida yangi tayinlovlar amalga oshirildi, deya xabar berdi “Gazeta.uz” nashri vazirlikdagi manbasiga tayanib.

Xususan, Umid Qutpitdinovich Abidxadjayev iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bungacha u 2021-yilning may oyidan buyon Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) direktori lavozimida ishlab kelayotgandi.

Umid Obidxo‘jayev 1987-yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. 2009-yilda hukumat huzuridagi Toshkent islom universitetini, 2014-yilda Yaponiyaning Keyo universitetida magistratura, 2017-yilda esa mazkur universitetda doktorantura bosqichini iqisodiyot yo‘nalishidagi tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2009-yilda Davlat mulkini boshqarish qo‘mitasida Tashqi aloqalar va jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasining yetakchi mutaxassisi lavozimida boshlagan. Bundan tashqari, u OTB instituti, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Keyo universitetida ishlagan.

2019-yilda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi infratuzilma loyihalarini tahlil qilish guruhi rahbari vazifasini vaqtincha bajargan. Undan keyin Prezident administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Ilhom O‘rinboy o‘g‘li Umrzoqov Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari — Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish departamenti direktori lavozimiga tayinlandi.

Ilhom Umrzoqov Tokio universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini Markaziy bankda yetakchi iqtisodchi sifatida boshlagan hamda regulyatorning Xalqaro zaxiralarni boshqarish departamentida ishlagan. Keyinchalik Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining Makroiqtisodiy siyosat, tahlil va prognozlash departamenti direktori lavozimida ishlagan, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabini boshqargan (2020−2021).

Shuningdek, u 2021−2024 yillarda Jahon banki hamda 2022−2024 yillarda Xalqaro valyuta jamg‘armasi ijrochi direktori maslahatchisi lavozimlarida ishlagan. Joriy yilning may oyidan buyon Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish departamenti direktori lavozimida ishlab kelayotgandi.

Bundan tashqari, Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Jasur Xazratqulovich Qarshiboyev va G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisi Murodbek Bekberganovich Otajonov lavozimidan ozod etildi. Ular 2023-yilning avgustidan buyon bu lavozimlarda ishlab kelayotgandi.

Jasur Qarshiboyev iqtisodiyot va moliya vaziri maslahatchisi, Murodbek Otajonov esa Pensiya jamg‘armasi direktori etib tayinlandi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Abdulaziz Haydarov G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisi etib tayinlandi. Bungacha u 2020-yil iyun oyidan buyon vazirlik huzuridagi Pensiya jamg‘armasi direktori, undan avval esa Moliya vazirligining Davlat organlari, prokuratura va sud tizimi faoliyatini moliyaviy ta’minlash boshqarmasiga rahbarlik qilgan.