“Oxford University Press” nashriyoti “brain rot” — “miya chirishi” iborasini yil so‘zi deb e’lon qildi.
Bu ibora insonning aqliy qobiliyatlari taxmin qilinayotgan pasayishini ifodalaydi. Bu holat, internetda jiddiy bo‘lmagan va intellektual jihatdan sayoz kontentni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish bilan bog‘liq, deb hisoblanmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa onlayn manbalardan uzluksiz axborot oqimi chindan ham miyani “vayron qilishi” mumkin.
“Unstoppable Brain” kitobi muallifi, neyrobiolog doktor Kira Bobinet ta’kidlashicha, zamonaviy jamiyat tobora ko‘proq diqqatni jamlash va chuqur fikrlash qobiliyatini yo‘qotish muammolariga duch kelmoqda.
Odamlar doimiy aqliy charchoqdan, e’tiborni to‘plashda qiyinchilik sezishdan va ongning “tumanli” bo‘lib qolishidan shikoyat qilmoqdalar.
Bu jarayonda kichik tuzilma — habenula muhim rol o‘ynaydi. U motivatsiya va qaror qabul qilish uchun mas’ul hisobalandi, biroq uning haddan tashqari faollashuvi biror narsa qilish istagini so‘ndirishi mumkin.
Doktor Bobinetning tushuntirishicha, aynan miyaning shu qismi “doom scrolling” deb ataluvchi — yangiliklar lentasini maqsadsiz varaqlashga moyil hisoblanadi.
Inson ijtimoiy tarmoqlarga “sho‘ng‘ib ketganda”, bu voqelikdan chalg‘ish va miyasiga dam berish usuli bo‘lib qoladi. Biroq, habenula javobgar bo‘lgan bu “qochish xulq-atvori” qaramlikni shakllantirish uchun zamin yaratishi mumkin.
Ushbu mexanizm ishga tushgandan so‘ng, insonning to‘xtashi juda qiyinlashadi, bu esa motivatsiyaning pasayishiga va hatto tushkunlik holatlariga olib keladi.
Qurilmalarni boshqarish bo‘yicha mutaxassis va ruhiy salomatlik masalasi bo‘yicha maslahatchi doktor Don Grant zamonaviy texnologiyalar miyamizning ishlash xususiyatlaridan ataylab foydalanayotganini ta’kidlamoqda.
Uning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlar algoritmlari o‘yin avtomatlariga o‘xshab ketadi: ular ehtimoliy mukofotni va’da qilib, limbik tizimni manipulyatsiya qiladi, biroq odamni qoniqtirmay qoldiradi.
Ijtimoiy tarmoqlarning yoshlarga ta’siri alohida xavotir uyg‘otmoqda. Grantning ta’kidlashicha, bolalar kuniga sakkiz soatgacha vaqtlarini lenta varaqlashga sarflashlari mumkin, bu esa ularning uyqu va kundalik odatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, ular bu vaqt davomida ko‘rgan videolardan hatto bittasini ham zo‘rg‘a eslay olishadi. Mutaxassis fikricha, bu holat xotiraning zaiflashuvi va diqqat muddatining qisqarishidan darak beradi, bu esa ta’lim va aqliy rivojlanishning kelajagi uchun tashvish tug‘dirmoqda.
Avvalroq “Spot” “TikTok” 35 daqiqada qaramlikni keltirib chiqarish bo‘yicha tadqiqot taqdiqot haqida yozgandi.
Foydalanuvchida ilovaga qaramlik shakllanishi uchun o‘rtacha davomiyligi 8 soniya bo‘lgan jami 260ta video (umumiy vaqti 35 daqiqa) tomosha qilish yetarli hisoblanadi.