Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 54ta jismoniy va 30ta yuridik shaxs kiritilgan 15-chi iqtisodiy va shaxsiy sanksiyalar paketini qabul qildi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida e’lon qilingan.

Rossiyaning “Utair” aviakompaniyasi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi. Yevropa Ittifoqining ta’kidlashicha, kompaniya Rossiya Mudofaa vazirligining pudratchisi bo‘lib, harbiy xodimlarni jangovar harakatlar zonasiga tashish va Ukrainaning bosib olingan hududlari bo‘ylab parvozlarni amalga oshirish uchun moddiy-texnik yordam ko‘rsatgan.

Shuningdek, “Utair” Rossiya Mudofaa vazirligi bilan birgalikda maxsus chipta sotish sxemalarini tashkil qilgan. Yevropa Ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga tahdid soluvchi harakatlarni qo‘llab-quvvatlagan.

Rossiyaning “PIK” quruvchi kompaniya ilgari AQSh cheklovlariga duch kelgan bo‘lsa, endi yangi sanksiyalarga uchradi.

Yevropa Ittifoqi bayonotiga ko‘ra, “PIK” “Rossiya harbiy qismlari va xususiy harbiy kompaniyalar uchun xodimlar yollashni moliyalashtirgan” hamda iqtisodiyotning “sezilarli daromad manbaini ta’minlovchi” qismi hisoblanadi. Shuningdek, Rossiyaning “Alabuga” kompaniyasiga qarshi ham sanksiyalar joriy etildi.

Rossiyaning chet ellardagi beqarorlashtiruvchi harakatlari uchun javobgar shaxslar ilk bor sanksiyalar ta’siriga uchradi. Ro‘yxatga 16 kishi va uchta tashkilot, shu jumladan “Gazprom-Media” bosh direktori o‘rinbosari Tina Kandelaki kiritildi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi ilk bor Xitoyning yetti kompaniyasi va fuqarolariga qarshi sanksiyalar kiritdi. Ulardan to‘rttasi Rossiya armiyasiga dronlar va mikroelektronika uchun butlovchi qismlar yetkazib bergani, qolganlari esa sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam bergani aytilmoqda.

Bu choralar birinchi marta nafaqat eksport nazoratini, balki sayohatlarni taqiqlash va aktivlarni muzlatib qo‘yishni ham o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, sanksiyalar ro‘yxatiga Shimoliy Koreyaning ikki yuqori martabali amaldori ham kiritilgan.

Yevropa sanksiyalari ostiga tushgan boshqa shaxslar orasida “Avtodor” rahbari Vyacheslav Petushenko, “Rossiya vertolyotlari” bosh direktori Nikolay Kolesov, “Gazprom"ning sho‘ba korxonalari va pudratchilari rahbarlari Nikolay Tkachenko, Yuriy Shamalov, Ivan Kojevnikov va Aleksey Kaxidze hamda boshqa jismoniy shaxslar bor.

Yevropa Ittifoqi allaqachon 2025-yil yanvar oyida qabul qilinishi mumkin bo‘lgan sanksiyalarning 16-paketini tayyorlashni boshladi. Hujjat bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.


Avvalroq “Spot” AQSh “Gazprombank” va yana 50dan ortiq Rossiya banklariga qarshi sanksiyalar kiritgani haqida yozgandi.

Cheklovlar moliya institutlari va “Rossiya harbiy mashinasi"ni zaiflashtirishga qaratilgan.