O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida maxsus hudud ajratish taklif etilmoqda. Bu haqda Strategik islohotlar agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlikda tungi iqtisodiyotni rivojlantirishga bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga qaratilgan davra suhbati o‘tkazildi. Unda mazkur yo‘nalishning iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, ish o‘rinlari yaratish va turistik jozibadorlikni oshirishdagi salohiyati ta’kidlandi. Tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha takliflarni bildirildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakili buning uchun yagona talablar va standartlarni ishlab chiqish kerakligini, bu tadbirkorlar faoliyatini tartibga solishga, aniq va shaffof qoidalarni joriy etishga hamda sohada yangi ishtirokchilarni rag‘batlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
IIV vakili tungi iqtisodiyot sohasi uchun alohida organ yoki tarkibiy bo‘linma tashkil etishni taklif qildi. Bu orqali markazlashgan muvofiqlashtirish tizimi yuzaga keladigan muammolarga, xususan, tungi vaqtda huquq-tartibotni ta’minlash va xavfsizlikni mustahkamlash masalalariga tezkor javob berish mumkin.
Savdo-sanoat palatasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun maxsus hudud ajratish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qilishdi.
Bu qulay infratuzilmani yaratish, barqaror raqamli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash, xavfsizlik, xizmatlar uchun to‘lov va tashrif buyuruvchilar oqimini boshqarish kabi jarayonlarni monitoring va nazorat qilish uchun yangi texnologiyalarni joriy etish imkonini beradi.
Barcha vazirlik va idoralar vakillariga O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish vazifasi yuklatildi. Uning doirasida asosiy yo‘nalishlar, jumladan, huquqiy tartibga solish, xavfsizlikni ta’minlash, transport infratuzilmasini takomillashtirish va xususiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari aniqlanadi.
Avvalroq Strategik islohotlar agentligi O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun bir nechta takliflarni ilgari surgandi. Bular qatorida kelasi yilda mamlakatda ishchi guruh tashkil etish, dam olish maskanlarining ish vaqtiga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash kabilar bor.