Ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov Chorvoq suv ombori bo‘yida “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turizm markazini qurmoqchi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
16-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida qurilishi mo‘ljallangan xalqaro turizm markazi taqdimoti bilan tanishdi. Unda Emin Agalarov bir qator yirik xorijiy kompaniyalar bilan sheriklikda amalga oshirish istagida bo‘lgan mazkur loyihani taqdim etdi.
Loyiha doirasida turizm markazida dam olish, cho‘milish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turar joylar tashkil etiladi. Xalqaro brendlarning do‘konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi.
Turli festivallar, konsertlar va boshqa madaniy tadbirlar o‘tkaziladi. Ikki qirg‘oq o‘rtasida ko‘prik qurilib, keluvchilarga qulaylik oshiriladi. Keyinchalik bu joy turizm xabiga aylantirilib, unda yil davomida dam olish va yashash mumkin bo‘ladi.
Davlat rahbari bu taklifni ma’qullab, uni xalqaro tajriba asosida loyihalashtirish va bosqichma-bosqich qurish zarurligini ta’kidladi. Bosh vazir boshchiligida komissiya tuzib, loyihaning huquqiy asosini yaratish, infratuzilma masalalarini hal etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Emin Agalarov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida markazda maktab, akvapark va istirohat bog‘lari bo‘lishini qayd etdi. Shu bilan birga, bu yerda suv va qishki sport turlari bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratiladi.
“5−7 mln kv.metrga mo‘ljallangan salohiyatli bu loyiha mamlakatning eng yaxshi kurort zonasidan biriga aylanadi degan umiddaman. Bu yerda odamlar yil davomida yashashlari va dam olishlari mumkin. Xatto, sotib olib, uni ijaraga berish mumkin bo‘ladi”, — dedi tadbirkor.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari Ozarbayjondagi “Sea Breeze” loyihasi muvaffaqiyatli ishlayotganidan xabardorligini bildirgan.
Avgust oyida prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning biznes vakillari bilan uchrashuvida Mirobod tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Agalarov Residence” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Loyiha qiymati $133 mlnni, hudud maydoni esa 1,98 gani tashkil etadi. Turar-joy majmuasi Fransiya elchixonasi yonida joylashadi. Loyihaga ko‘ra, “Evos” va “Stoloffka” umumiy ovqatlanish shoxobchalari, shuningdek, bir nechta binolar buziladi.
“Toshkent markazidagi uchastkada 90 ming kv.metr maydonda 750 xonadonga ega turar-joy majmuasi quriladi. Barcha kvartiralar to‘liq tayyor holatda sotiladi. Eng muhimi, “Sea Breeze“dagi [Bokuda] kabi apart-mehmonxona bo‘ladi”, — dedi Emin Agalarov.
Yalpi qurilish maydoni (GBA) 90 ming kv.metr, ijaraga olinadigan bino maydoni (GLA) — 60 ming kv.metr. Shu bilan birga, 5400 kv.metr maydonda chakana savdo va xizmat ko‘rsatish joylari, gastronomik loyihalar va katta fitnes markazi joylashadi.