16-dekabr kuni “Surxondaryo viloyatining tog‘li-rekreatsion hududlarida turizm infratuzilmasini yaxshilash hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm obyektlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan viloyatning quyidagi uchta tumanida turistik markazlar tashkil etiladi:
- “Omonxona” — Boysun tumanining 220,5 gektar yer uchastkasida;
- “Sangardak” — Sariosiyo tumanining 615 gektar yer maydonida;
- “Obihayot” — Jarqo‘rg‘on tumani, “Oqtepa” suv omborining qirg‘oq bo‘yi hududidagi 110 gektar yer uchastkasida.
Mazkur turistik markazlarni rivojlantirish va boshqarish uchun davlat muassasasi shaklida Surxondaryoda turizm infratuzilmasini rivojlantirish va boshqarish direksiyasi tashkil etiladi.
Ular hududlarida tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan bo‘sh yer uchastkalari mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida onlayn auksion orqali sotuvga chiqariladi.
Xususiy investitsiyalar asosida bo‘sh yer uchastkalari 10 yil muddatda teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan beriladi. Natijada, 2025−2027 yillarda mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari, xizmat ko‘rsatish majmualari va dam olish maskanlari quriladi.
Qashqadaryoda G‘elon turistik-rekreatsion zonasi tashkil etiladi. Loyiha qiymati $300 mlnni tashkil etib, birinchi bosqich doirasida 2027-yilgacha $100 mln investitsiya kiritiladi.
Avvalroq Navoiy viloyatidagi “Aydarko‘l” atrofidagi 150 gektarda mehmonxona va dam olish maskanlari barpo etish orqali 10 ming nafargacha sayyohlarga xizmat ko‘rsatish mumkinligi qayd etilgandi.