Oliy Majlis Qonunchilik palatasida chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan ayrim qonun hujjatlariga chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan iste’molchilarni SMS orqali xabardor qilib borishga qaratilgan huquqiy normalar belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, ogohlantirishlardan keyin ham to‘lov qilmagan iste’molchilarning chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdorlik bartaraf etilmagunicha elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash belgilanmoqda.

Quyi palata deputatlari mazkur qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildilar.

Chiqindidan qarzdorlik uchun “svet"dan uzish

Yil boshida qabul qilingan prezidentning chiqindilarni boshqarish tizimini yaxshilashga qaratilgan farmonida chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlar SMS orqali xabardor qilib borish belgilangan.

Bunda, joriy yilning 1-iyunidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida (6 oylik qarzdorlik uchun), 1-noyabrdan mamlakatning barcha hududlarida (3 oy) hamda 2025-yildan barcha hududlarda bir oylik qarzdorlik uchun ogohlantirishdan keyin to‘lov qilmaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash nazarda tutilgan.

Oktabrga kelib, chiqindi xizmatlaridan qarzdorligi bor fuqarolar elektr to‘lovlari cheklanishidan ogohlantirila boshlandi. “Hududiy elektr tarmoqlari” faqat bildirishnoma jo‘natish bilan cheklanib, elektr energiyasi uchun esa to‘lov qilish mumkin.

Bu elektr energiyasi, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarga hamda “HET” va iste’molchilar o‘rtasidagi shartnomalar shartlariga o‘zgartirishlar kiritish talab etilishi bilan izohlandi.

Undan keyin kompaniya 1-noyabrdan chiqindidan qarzi borlar elektr energiyasidan tо‘liq uzilishi haqidagi xabarlar asossiz ekanligini ma’lum qildi. Hozirda to‘lov qilmaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyotini joriy qilish bo‘yicha texnik ishlar olib borilmoqda.