Afg‘oniston O‘zbekiston bilan elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni keyingi yilga uzaytirdi, deya xabar berdi Afg‘onistonning “Da Afghanistan Breshna Sherkat” (DABS) energetika kompaniyasi matbuot xizmati.
Joriy haftada energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Energetika vazirligi rahbari “DABS” bosh direktori Abdul Bari Umar bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Natijada Afg‘onistonning “DABS” kompaniyasi va “O‘zbekenergo” 2025-yil uchun elektr energiyasi xarid qilish shartnomasini (PPA) imzoladilar.
“DABS"ning ta’kidlashicha, O‘zbekiston bilan kelishuv ikki davlat o‘rtasidagi energetika sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga va Afg‘onistonga elektr energiyasini barqaror yetkazib berishni ta’minlashga qaratilgan.
Joriy oy boshida Afg‘oniston Turkmaniston bilan elektr energiyasi yetkazib berishni kelgusi yilga uzaytirish bo‘yicha shunga o‘xshash kelishuv imzolagandi.
2023-yilning dekabrida O‘zbekiston va Afg‘oniston elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni bir yilga uzaytirgandi. Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston Energetika vazirligidan sohadagi infratuzilma muammolarini hal etish va elektr energiyasi yetkazib berish hajmini oshirishni so‘radi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov o‘shanda Afg‘onistonning “DABS” energetika kompaniyasini uchta energetika obyekti ta’mirlangandan so‘ng Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berish tiklanishiga ishontirgan edi.
Joriy yil fevral oyida Afg‘oniston O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha ikki yillik qarzdorlikni to‘lagani haqida xabar berilgandi. Xususan, mamlakat Eron, Tojikiston, Turkmaniston hamda O‘zbekistonga $627 mlnlik qarzdorlikni to‘lagan.
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston va Turkmaniston Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni qayta tiklagani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, kuchli shamol tufayli yuzaga kelgan uzilishlar Afg‘onistonga elektr energiyasi importini vaqtincha to‘xtatib qo‘ygan.