Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlariga litsenziya berganlik uchun davlat boji miqdorini belgiladi. Tegishli buyruq Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan.

Unga ko‘ra, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirishga litsenziyalar berilganligi uchun davlat boji miqdorlari to‘lash sanasida amalda bo‘lgan bazaviy hisoblash miqdorida (hozirgi kunda BHM 375 000 so‘mni tashkil qiladi) belgilanadi.

Har bir turdagi litsenziyalarni rasmiylashtirish uchun quyidagi summalar undiriladi:

  • mayning pul — BHMning 3 ming baravari (1,125 mlrd so‘m);
  • kripto-do‘kon — BHMning 3700 baravari (1,3875 mlrd so‘m);
  • kripto-depozitariy — BHMning 7 ming baravari (2,625 mlrd so‘m);
  • kripto-birja — BHMning 73 400 baravari (27,525 mlrd so‘m).

Agentlik 2022-yil avgust oyida kripto-soha o‘yinchilarini litsenziyalash tartibi va ularga qo‘yiladigan talablarni tasdiqladi. Unga ko‘ra, kompaniyaning 4 ta faoliyat turining har biri uchun alohida litsenziya rasmiylashtirish talab etiladi.

Unga ko‘ra, mayning fermalar oyiga BHMning 10 baravari (hozirda 3,4 mln so‘m), mayning-pul BHMning 100 baravari (34 mln so‘m) hamda kripto-depozitariylar BHMning 5 baravari (1,7 mln so‘m) to‘lashlari kerak.

Xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar o‘z serverlarini O‘zbekistonda joylashtirishlari, hisob-kitoblar va mijozlar haqidagi ma’lumotlarni 5 yil davomida saqlashlari, shuningdek, reklama talablariga rioya qilishlari kerak. Kriptobirjalar uchun ustav fondiga nisbatan minimal talablar ham mavjud.

Bundan tashqari, 2022-yil sentabr oyidan boshlab kriptosfera o‘yinchilari uchun oylik yig‘imlar amal qiladi.

Oxirgi marta ularning miqdori joriy yilning iyun oyida o‘zgargan, 20-iyundan kripto-do‘konlar uchun oylik yig‘imlar BHMning 20 baravaridan 185 baravarigacha (62,9 mln so‘m), kripto-birjalar uchun esa BHMning 400 baravaridan 740 baravariga (251,6 mln so‘m) oshirildi.