Toshkent viloyati hokimligi “Eltech Industrial” texnoparkiga ikkita yer uchastkasi ajratilishini ma’lum qildi. Viloyat rahbari Zoir Mirzayev 16-dekabr kuni tegishli qarorni imzoladi.

Texnopark direksiyasi Ohangaron tumanidagi Ohangaron va Alisher Navoiy massivlari hududidagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarni doimiy foydalanishga oladi. Ularning umumiy maydoni 106 gektarni tashkil etadi.

Buyurtmachiga yangi hududlardagi muhandislik kommunikatsiyalarini o‘z mablag‘lari hisobidan qayta tashkil etish ishlari topshirildi.

Bundan tashqari, u arxitekturaviy loyihalash bo‘yicha topshiriqlarni ishlab chiqish uchun buyurtmalarni joylashtirishi lozim bo‘ladi.

“Eltech Industrial” prezidentning yanvardagi qaroriga ko‘ra “Ohangaron Tech Industrial” parki negizida tashkil etilgan.

Majmua mis va nodir metallarni qayta ishlash hamda elektrotexnika ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalarni joylashtirish uchun 214 gektarga kengaytirilishi rejalashtirilgan.

Ayni shu farmon bilan O‘zbekistonga televizor, muzlatgich, konditsioner, radiator va boshqa ayrim elektr jihozlarini olib kirish cheklandi.

Bunda ishlab chiqaruvchi yoki rasmiy dilerning vakolatli servis markazlari mavjud bo‘lishi majburiy qilib belgilandi.

Texnoparkning bosh rejasiga ko‘ra, u 19ta lotga bo‘linadi, shundan 15tasi onlayn-auksion orqali sotiladi. Uchta uchastkada qurilish ishlari, qolganlari bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.


Avvalroq “Spot” “Eltech Industrial” texnoparkida 2ta majmua qurilishi boshlangani haqida yozgandi.

Loyihalarning umumiy qiymati $77,5 mlnni tashkil etib, natijada 600dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.