18-dekabr kuni Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisida 2025-yilga mo‘ljallangan davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Senator Anvar To‘ychiyev 2025-yilda davlat budjetidan subsidiyalar uchun 28,3 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilganini, bu jamoatchilik o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘layotganini ta’kidladi. Subsidiyalarning asosiy qismi — qariyb 12,3 trln so‘mi energetika sohasiga yo‘naltiriladi. Shundan issiqlik korxonalarini subsidiyalashga 4,8 trln so‘m ajratiladi, bu 2024-yilga nisbatan 600 mlrd so‘mga ko‘p.
To‘ychiyev bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarini shakllantirishda bozor tamoyillariga o‘tish sharoitida subsidiyalash jarayoni ham unga muvofiq o‘zgarib borishi, energetika sohasini subsidiyalash tariflarga qanday ta’sir qilishi bo‘yicha savol bilan yuzlandi.
“Biz yilllar davomida [narxlarni oshirmadik]. Masalan, elektr energiyasi, gaz yoki issiqlik ta’minoti bo‘ladimi — har bir mahsulot o‘zining xarajatlarini qoplab, ma’lum bir foyda berishi kerak. Bu — keyingi rivojlanishi uchun. Bizda shunday vaziyat yuzaga keldiki, biz energiya resurslari narxlari va tariflarni oshirish uchun, avvalo odamlarning daromadini ma’lum bir darajaga yetkazib olishimiz kerak edi. Chunki, bu tariflarni to‘lash uchun ham pul kerak”, — dedi Qo‘chqorov.
Vazir aholi daromadining oshirilishi, mamlakatda kambag‘allik darajasining pasaytirilishi energetika sohasidagi tarif islohotlari uchun “poydevor” bo‘lganini qayd etdi. “Oshirilgan tarifni to‘lash uchun har qanday oila shunga yarasha daromadga ega bo‘lishi kerak”, — dedi u.
Qo‘chqorov tariflar oshirilayotganiga qaramay, energetika sohasini subsidiyalashga budjetdan mablag‘ ajratilishini haligacha tariflar xarajatlarni to‘liq qoplaydigan darajaga chiqmagani bilan izohladi.
“Bu birinchi sababi. Ikkinchidan, biz gazning ma’lum bir qismini import qilayapmiz, shuning uchun tariflarni to‘liq o‘zini o‘zi qoplaydigan darajaga o‘tkazmasdan, boshqa ilojimiz yo‘q. Shu nuqtayi nazardan, joriy yilda tariflar oshgan bo‘lsa, hukumat qarori bilan kelgusi yilning 1-aprelidan ham narxlarni yana bir karra oshirish taklifi ma’qullangan. Kelgusi yil, nasib bo‘lsa, apreldan bu tariflar oshadi”, — ta’kidladi vazir.
Shuningdek, vazir kelgusi yil uchun budjet loyihasida elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun ajrayiladigan subsidiyalar miqdori 7,5 trln so‘mni tashkil etsa, joriy yilda bu 12 trlnni tashkil etganini, “kamayib borayotgani"ni ta’kidladi.
Qachondan subsidiya ajratilishi to‘xtashi borasidagi savolga esa, vazir energiya resurslarini subsidiyalash yana uch yil davom etishini qayd etdi.
“2025−2026 yillarda [subsidiyalash] davom etadi, 2027-yilda keskin pasayadi, nasib bo‘lsa, 2028-yildan boshlab, budjetdan subsidiya berilmaydi”, — deya xulosa qildi u.
O‘zbekistonda energiya resurslari narxlarining oshirilishi
2023-yilning 1-oktabridan yirik korxonalar, budjet tashkilotlari, kompaniyalar va boshqa yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz narxlari oshirildi.
Joriy yilning 1-mayidan iste’molchilar ijtimoiy norma asosida haq to‘lashni boshlashdi. Kelgusi yilning aprel oyidan fuqarolar uchun tariflarni yana oshirish rejalashtirilgan.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov tariflarni belgilashda xarajatlarning bir qismini qoplash, jumladan, tabiiy gazni import qilish xarajatlari ham inobatga olinganini ta’kidladi. Bundan tashqari, vazir tariflar oshirilishi fonida elektr va gaz iste’moli kamayganini ma’lum qildi.
Fan doktori Behzod Hoshimov “Spot” bilan suhbatda tariflarni oshirish yechim emasligini, energetika sohasini isloh qilish zarurligini qayd etgandi.
Jamshid Qo‘chqorov ijtimoiy norma doirasida mamlakatda gaz bilan ta’minlanmagan xonadonlarning uchdan bir qismini qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.
Energetika vaziri xonadonini elektr energiyasi yordamida isituvchi iste’molchilarga chegirma berishni nazarda tutuvchi qaror loyihasi ishlab chiqilayotganini aytib, uni 2025-yildan joriy etishga va’da berdi.
Kam ta’minlangan oilalarga isitish mavsumida gaz va elektr energiyasi xarajatlarini qisman qoplashga bir martalik kompensatsiya beriladi. Uning miqdori 270 ming so‘mni tashkil etadi.