2025-yilning ikkinchi choragiga borib, Xitoyning “Geely” avtomobil brendi O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirgan. Hozirda kompaniya mamlakat bozorini o‘rganmoqda.
“Geely Uzbekistan” direktori Ao Ningning “Spot"ga kompaniyaning avtomobilsozlik sanoatidagi qarashlari, brend tomonidan ishlab chiqarilayotgan elektromobillar hamda joriy etilayotgan yangi texnologiyalar, shuningdek, O‘zbekiston bozoriga kirish jarayoni haqida so‘zlab berdi.
Yangi modellar va texnologiyalar
Dunyoning 80dan ortiq mamlakatlarida 800dan ziyod savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga ega “Zhejiang Geely Holding Group” hozirda “Geely”, “Lynk & Co”, “Zeeker” “Volvo” hamda “Polestar” kabi bir qator brendlar nomi ostida avtomobillar ishlab chiqaradi.
“Geely Auto” elektromobillari kompaniya tomonidan yaratilgan “Galaxy Electric Architecture” (GEA) platformasi asosida ishlab chiqariladi, bu esa barcha foydalanuvchilar uchun qulay bo‘lgan takomillashtirilgan mobillik tajribasini taqdim etadi.
Foto: Geely
Ana shunday modellar qatorida “Geely EX5” elektromobili ham bor. Mazkur krossover Xitoy bozorida sotuvga chiqarilganidan keyingi 100 kun ichida 50 ming donadan ortiq sotilgan. Hozirda uni global bozorga olib chiqishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
“Geely EX5” 218 ot kuchiga ega bo‘lib, u 160 kVt quvvatli dvigatel hamda “11-in-1” elektr uzatmasi bilan jihozlangan. Elektromobil 100 km/soat tezlikka 6,9 soniyada erisha oladi. Uning 30−80% quvvatlanishi vaqti 20 daqiqani tashkil etadi.
“InfiMotion” kompaniyasi (“Geely Holding Group"ning sho‘ba korxonasi — “Spot” izohi) tomonidan taqdim etilgan “11-in-1” texnologiyasi an’anaviy elektromobillarda alohida ishlovchi komponentlar — motor, invertor, transmissiya va sovutish tizimi kabi tarkibiy qismlarni bitta ixcham blokda birlashtirgan tizimdir.
Foto: Geely. “11-in-1” elektr uzatmasi
Uning muhim xususiyati moyli sovutish tizimi bo‘lib, elektromobil yuqori tezlikda harakatlanganda ham elektr uzatma dvigatelning optimal haroratini saqlaydi va qizib ketishining oldini oladi. Yuqori samaradorliga va yengil vazni yurish masofasiga ijobiy ta’sir qiladi va energiya sarfini kamaytiradi.
Ao Ningning ta’kidlashicha, avtomobilsozlik sanoatida elektrlashtirishga o‘tish sotuvda raqobatga nisbatan muhim, chunki bu kompaniyaning mavjud imkoniyatlarini har tomonlama sinovdan o‘tkazish imkonini beradi.
“Barqaror rivojlanishga erishish uchun turli bozorlarda foydalanuvchilarning o‘ziga xos ehtiyojlarini tushunish va moslashtirilgan mahsulot hamda yechimlarni taqdim etish muhim, deb hisoblaymiz”, — deydi u.
Kompaniya akkumulyator, avtonom haydash va boshqa asosiy texnologiyalarda davom etayotgan innovatsiyalar, emissiyalarni kamaytirish hamda barqaror rivojlanishni rag‘batlantirish majburiyatini bergani sababli Xitoyda elektromobillarning istiqboliga ishonadi.
“Geely” so‘nggi 10 yilda ilmiy-tadqiqot ishlariga 200 mlrd yuan ($27,46 mlrd)dan ortiq investitsiya mablag‘larini yo‘naltirgan. Bu yo‘nalishda kompaniya mutaxassislari soni 30 ming nafardan ortiqni tashkil etadi.
Xitoyning Chjetszyan viloyati, Ningbo shahrida joylashgan Tadqiqot va ishlab chiqarish markazi (Research and Development Center — R&D Center) 2003-yilda tashkil etilgan. U “Geely Auto” uchun keng qamrovli innovatsiya markazi sifatida faoliyat yuritadi.
Ilimiy-tadqiqot markazi dizayn, ishlab chiqarish, sinovdan o‘tkazish, sinov ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Shu bilan birga, sifatni nazorati ta’minlaydi hamda ta’minotchilar bilan muntazam hamkorlik olib boradi.
Markazning yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishga qaratilgan tizimi boshlang‘ich g‘oyadan to yakuniy ishlab chiqarishgacha bo‘lgan qiymat zanjirini qamrab oladi.
Foto: Geely
Joriy yilning o‘n oyida kompaniya avtomobillarining jami savdo hajmi 1,72 mln donaga yetib, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32%ga o‘sdi. Xorijga eksport esa 347 ming donani (62%) tashkil etdi.
O‘zbekiston bozoriga kirish rejalari
Ao kompaniya uchun O‘zbekiston bozoriga kirishga turtki bo‘lgan bir nechta muhim omillarni qayd etdi. Bular qatorida “Geely"ning biznes modeli, O‘zbekistonda biznes hamkorni tanlash jarayoni, hukumatning so‘nggi siyosati hamda mahalliy avtomobil bozorining hozirgi holati bor.
“O‘zbekiston bozorida avtomobil savdosining barqaror o‘sishi kuzatilib, bunga o‘rta sinfning kengayishi va urbanizatsiya jarayonining tezlashishi sabab bo‘lmoqda. Iste’molchilarning zamonaviy, ishonchli va hamyonbop avtomobillarga bo‘lgan ehtiyoji esa mahalliy va xorijiy brendlarga bo‘lgan talabni oshirmoqda”, -dedi u.
Shu sabab ham kompaniya mamlakat bozori istiqbollariga katta umid bilan qaramoqda va an’anaviy avtomobillar hamda elektromobillarning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash uchun mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirishga tayyor.
“Biz birgalikda o‘zbekistonliklar uchun aqlli, ekologik va sifatli boshqaruv imkoniyatini taqdim etishni maqsad qilganmiz”, — ta’kidlaydi Ao.
Bundan tashqari, u O‘zbekiston hukumati mahalliy avtomobil ishlab chiqarishni rag‘batlantirish maqsadida bir qator chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich joriy etayotganini, bular qatorida ishlab chiqaruvchilar uchun soliq imtiyozlari va “yashil” texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash mavjudligini qayd etdi.
“Mamlakat energiya tarkibini diversifikatsiya qilish va yoqilg‘iga qaramlikni kamaytirish yo‘lida harakat qilayotgani sababli, bu choralarda uzoq muddatli istiqbolda elektromobillar bozorining rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda”, dedi “Geely Uzbekistan” direktori.
Kompaniya mamlakat bozoriga kirishda quyidagi qiyinchiliklar uchrashi mumkinligini kutmoqda:
- boshqa brendlar bilan raqobat;
- mahalliy ishlab chiqarish va ta’minot zanjiridagi muammolar;
- brend taniqliligini shakllantirish;
- sotuvdan keyingi xizmatlarni tashkil etish;
- ehtiyot qismlarning mavjudligi va boshqalar.
Shunga qaramay, Ao Ningning bu qiyinchiliklar o‘sish va brendning o‘ziga xosligini namoyon qilish uchun ham imkoniyat ekanini qayd etdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan “Geely” modellari Rossiya, Belarus va Qozog‘iston kabi mamlakatlardagi iste’molchilar tomonidan yuqori baholangan. Avtomobil modellarini tanlashda bozor ma’lumotlariga asoslanadi, tadqiqot va sinov (test-drayv) jarayonlari orqali yuqori talabga ega modellar tanlab olinadi.
Avvalroq 2025-yilda O‘zbekistonda avtomobil eksportini $700 mlnga yetkazish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.