2025-yilda Toshkentda issiqlik ta’minoti uchun narxlar ikki marotaba oshiriladi. Bu haqda 18-dekabr kuni Oliy Majlis Senatida o‘tkazilgan majlisda bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, issiqlik ta’minoti masalasi biroz murakkabroq, chunki tariflar orasida juda ham katta farq mavjud. Ya’ni, issiqlik energiyasini ishlab chiqarishda Toshkent shahrida boshqa narx, Buxoro yoki Farg‘onada boshqa narx belgilangan.
Vazir sohadagi ayrim texnologik muammolar qatorida o‘lchagichlar qo‘yish masalasini keltirdi. Asosan shaharlarda joriy etilgan markazlashgan issiqlik ta’minoti esa qimmat ekani qayd etildi.
“Hatto, 2025−2026 yillarda ham narxlarni birdan oshirib, tarif va xarajatlarni qoplaydigan darajaga yetkazish anchagina qiyin”, — dedi u
Yana bir texnologik masala tizimlarning eskirgani hisoblanadi. Qozonxonalar va yetkazib berish tarmoqlarida sobiq ittifoq davridan qolgan texnologiyalardan ko‘p foydalaniladi. Bu texnologiyalar gazni ko‘p iste’mol qiladi, foydalanish koeffitsiyentining samaradorligi ham juda past hisoblanadi.
Jamshid Qo‘chqorov yaqinda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi kelgusi yilda ikki marta tariflarni oshirish bo‘yicha qaror qabul qilganini aytdi.
“Lekin tariflarni qoplash uchun bu ham yetarli emas. To‘g‘risini aytganda, Toshkent shahri budjeti qanchalik katta bo‘lishiga qaramasdan, issiqlik bilan bog‘liq subsidiyalarni respublika budjetidan ajratib berishimizga to‘g‘ri kelmoqda”, — dedi u.
Bosh vazir o‘rinbosari shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz sohasida chakana hamda ulgurji bozorni shakllantirish orqali islohotlarni yakuniga yetkazish mumkinligini qayd etdi. “Shundagina sohaga budjetdan subsidiyalar berishga hech qanday ehtiyoj qolmaydi”, — deya xulosa qildi u.
Joriy yilda Toshkent shahrida issiqlik ta’minoti uchun narxlar ikki marotaba — aprel hamda noyabr oylarida 15%dan oshirildi. “Veolia Energy Tashkent” bunga izoh berib, uni “majburiy qadam” deb atadi. Aholi uchun yangi narxning joriy etilishi bazaviy tarifning 18%ini qoplashi qayd etildi.
Dekabr oyi boshida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Ilhom To‘rayev keyingi yilda O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham issiqlik ta’minoti uchun narxlar ikki marotaba oshirilishi mumkinligini ma’lum qildi.
Avvalroq yotoqxonalar va mahalliy qozonxonalar uchun gaz narxi pasaytirilgani haqida xabar berilgandi. Barcha hajm uchun to‘lov bazaviy tarif (bir kubometr uchun 650 so‘m) bo‘yicha amalga oshiriladi.