Janubiy Koreya milliy temir yo‘l korporatsiyasi (Korail) O‘zbekistonda yuqori tezlikdagi temir yo‘l qurilishining texnik-iqtisodiy asoslashi bilan shug‘ullanadi. Bu haqda “Yonhab” nashri xabar berdi.

Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi yangi tezyurar temir yo‘l qurilishi loyihasi Janubiy Koreya Eksimbankining Iqtisodiy hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) hisobidan moliyalashtiriladi.

Texnik-iqtisodiy asoslash ishlari 15 oy, ya’ni 2026-yilning mart oyigacha davom etadi. “Korail”, shuningdek, “Saman” va “Dongmeong Technology Corporation” kompaniyalaridan iborat “K-Rail” jamoasi jarayonni olib boradi.

Loyiha doirasida joylarda tadqiqotlar, kelajakdagi transport talabiga bo‘lgan prognozlar, infratuzilmaning asosiy rejasini ishlab chiqish, qurilish qiymatini hisoblash va iqtisodiy samaradorlikni tahlil qilish amalga oshiriladi. Shuningdek, mahalliy mutaxassislarni o‘qitish ko‘zda tutilgan.

Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘li

Joriy yilning sentabr oyida prezident Toshkent-Samarqand hamda Samarqand-Navoiy-Buxoro yo‘nalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temir yo‘l qurish loyihalari amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Dekabrga kelib Turkiyaning “Rönesans holding” kompaniyasi mazkur tezyurar temir yo‘lni qurishda ishtirok etishga qiziqish bildirdi. Qatarning “Power International Holding” kompaniyasi esa loyihaga mablag‘ ajratmoqchi ekanligi xabar berildi.

Avvalroq Toshkent va Xojikent oralig‘idagi temir yo‘lga tutash maydonlar renovatsiya dasturiga kiritilishi ma’lum qilingandi. Prezident bu yo‘nalishdagi egri qismlarni to‘g‘rilab qayta qurish orqali kunlik ekspress poyezdlar qatnovini ko‘paytirishni topshirdi.